19:10 / 11.09.2020
6444
«Aksariyat ilmiy tashkilotlar fan yo‘nalishlarida monopolistga aylangan» – Tanzila Norboyeva

Ilmiy faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuboriladi.

Foto: Senat matbuot xizmati

Bugun, 11 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining 7-yalpi majlisida mamlakatda ilmiy faoliyatni rivojlantirish ko‘rsatkichlarining qoniqarsizligi xususida so‘z bordi.

Qayd etilishicha, ilm-fan sohasiga ajratilgan moliyalashtirish bugungi kunda yalpi ichki mahsulotga nisbatan atigi 0,2 foizni tashkil etadi.

«Innovatsion rivojlanish strategiyasida 2021 yilgacha ilm-fanga ajratiladigan mablag‘lar yalpi ichki mahsulotning 0,8 foizgacha oshirilishi belgilangan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich 2018-2020 yillarda turg‘un darajada 0,15 foiz miqdorida qolmoqda.

Oliy ta'lim muassasalari ko‘paygani holda joylarda yangi moddiy texnik bazani shakllantirish, ta'lim muassasalarida ilmiy darajali professor-o‘qituvchilarning salmog‘i yetarli emas, ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi past.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi uch yilda tayanch doktorantura va doktorantura bitiruvchilarining dissertatsiya ishi himoyasi 54,7 foizni tashkil etgan. Magistrlar ilmiy faoliyatni davom ettirishi bo‘yicha yetarlicha shart-sharoitlar yaratish muammosi to‘laqonli yechim topmagan.

Mamlakat mintaqalaridagi ta'lim muassasalarida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish past darajada qolmoqda. Dissertatsiya himoyalarining 66 foizi Toshkent shahriga, qolgan 34 foizigina viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda», dedi senator Oral Ataniyazova.

Senat raisi Tanzila Norboyeva ilmiy faoliyat rivoji bilan bog‘liq muammolarga munosabat bildirdi.

«Ilmiy tashkilotlar o‘rtasida raqobat muhitini rivojlantirish zarur. Aksariyat ilmiy tashkilotlar fan yo‘nalishlarida monopolistga aylanib qolgan.

Bundan tashqari, ilm-fanni moliyalashtirishda xususiy sektor ulushini bosqichma-bosqich oshirib borish choralarini ko‘rish lozim. Xususiy sektorni fundamental tadqiqotlarning olib borilishiga qiziqtirish kerak. Yaponiyada 90 foiz tadqiqotlar xususiy sektor tomonidan moliyalashtiriladi. Bu borada Yaponiya tajribasini o‘rganish maqsadga muvofiq», dedi yuqori palata raisi.

Mazkur muammolar yuzasidan tushuntirish olish maqsadida senatorlar Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilishdi.

Top