22:06 / 11.09.2020
4663
«Majburiy mehnat O‘zbekistondan mutlaqo chiqib ketishi kerak» - Tanzila Norboyeva

Senat raisi paxta hosiliga davlat buyurtmasi bekor qilinib, hokimlarning jarayonga aralashuvi taqiqlanganini eslab o‘tdi.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva paxta terimida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik haqida gapirdi.

«Hamma paxta yig‘im-terimiga tushyapti. Biz bu masalada katta muvaffaqiyatga erishdik. Hamma elchilar, xalqaro tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston erishgan muvaffaqiyatga katta baho berilyapti.

Bu yil bizni 10-20ta emas, millionlab ko‘zlar nazorat qiladi. Shuning uchun majburiy mehnat mamlakatimizdan mutlaqo chiqib ketishi kerak. Majburiy mehnat va odam savdosi qarshi kurash bo‘yicha respublika komissiyasi raisi sifatida iltimos qilaman», – dedi Norboyeva Senatning 7-yalpi majlisida.

Senat raisi ijtimoiy yordamdan uzib qo‘yish orqali terimga majburlash hollariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha alohida ogohlantirish berdi.

«Hozir ishsizlar, «temir daftar»ga kirganlar bor. «Temir daftar»ga kirganlarga mahallaning paxta terimiga chiqmasang, nafaqangni bermayman, degan dag‘dag‘asi bo‘lishi kerak emas. Odamlarni qo‘rquv ostida terimga olib chiqmaslik lozim. Mehnat munosib, ixtiyoriy va to‘lanadigan bo‘lishi kerak.

Bu yil bizni nafaqat xalqaro tashkilotlar, huquq himoyachilari, faol fuqarolar ham nazorat qilishadi. Shuning uchun majburiy mehnat bo‘yicha bironta holatga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

Paxta hosiliga davlat buyurtmasi bekor qilingan, hokimlarning jarayonga aralashuvi man qilingan. Hammasi fermerlar, klasterlar tomonidan amalga oshiriladi.

Yana bir marta iltimos qilaman, bironta hududda majburiy menat bo‘yicha muammo tug‘ilmasin», – deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq terimga askarlar, maktablar va tibbiy muassasalar jalb qilinmasligi aytilgan edi. Tibbiyot xodimlari yoki pedagoglar o‘z ish vaqtidan keyin, qo‘shimcha daromad topish uchungina terimga chiqishlari mumkin.

Top