20:25 / 11.09.2020
4668
Mansabdor shaxslarning qonuniy harakatidan yetgan zararlarni ham qoplash belgilanishi mumkin

O‘zbekistonda davlat organlarining nafaqat noqonuniy, balki qonuniy xatti-harakatlari natijasida fuqarolarga zarar yetkazilgan hollarda ham zarar qoplab berilishi tartibi joriy etilishi mumkin. Bu – yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasiga kiritilgan.

Bu haqda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori A'zam Madaminov ma'lum qildi.

«Bugungi qonunchilik bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining fuqarolarga yetkazilgan zarari faqat noqonuniy harakatlari orqali kelib chiqqan bo‘lsagina qoplab beriladi. Ya'ni hokimiyat yoki boshqa davlat idorasi qaysidir harakati bilan fuqaroga zarar yetkazsa, ushbu harakat noqonuniy deb topilsagina, zarar undirilishi mumkin. Xorijiy tajribani o‘rganganimizda shuning guvohi bo‘ldikki, ko‘plab mamlakatlarda amaldor qonuniy harakati bilan zarar yetkazsa ham, davlat zararni to‘lab berish majburiyatini olar ekan.

Ushbu masala ham kodeksning yangi loyihasida o‘z aksini topgan», – dedi A'zam Madaminov 10 sentabr kuni Fuqarolik kodeksining yangi tahriri loyihasiga bag‘ishlab AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Ma'lumot uchun, amaldagi Fuqarolik kodeksining 15-moddasiga ko‘ra, davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan hujjat qabul qilinishi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qoplanishi lozim.

Top