21:51 / 11.09.2020
20493
Milliy gvardiya qo‘mondoni Qo‘l jangi federatsiyasi rahbarligiga saylandi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligida O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari Qo‘l jangi federatsiyasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Rustam Jo‘rayev / Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, yig‘ilishda tashkiliy masalalar, jumladan, federatsiyaga yangi rahbar saylash va shu orqali tashkilotning ish faoliyatini tizimli tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi raisi lavozimiga bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni sifatida faoliyat olib borayotgan Rustam Mirzayevich Jo‘rayev nomzodi taklif etildi va u yig‘ilish delegatlari tomonidan bir ovozdan saylandi.

Rustam Jo‘rayev federatsiya raisi lavozimiga saylanishida ishonch bildirganlarga alohida minnatdorlik izhor qildi.

U shuningdek, qo‘l jangi sport turini respublikada yangi bosqichga olib chiqish, bu sport turi bo‘yicha sportchi va murabbiylarga shart-sharoitlar yaratish, federatsiyaning hududlardagi moddiy-texnika bazasini takomillashtirish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan takliflarini aytib o‘tdi.

Top