11:43 / 11.09.2020
3741

Senatorlar «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonunni ma'qulladi

Xalq ta'limi vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda nogironligi bo‘lgan bolalar qamrab olingan maktablardagi o‘quvchilar soni 21 mingdan 34 mingga yetgan.

Senatning yettinchi yalpi majlis kun tartibidagi birinchi masala – «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Mahmud Parpiyev

«Hozirgi kunda mamlakatimizda 700 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar, jumladan, 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar istiqomat qilmoqda. Ular ham jamiyatning barcha a'zolari kabi insoniy e'tiborga, g‘amxo‘rliklarga ega, huquq va erkinliklari kafolatlangan toifa hisoblanadi.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasining xalqaro standartlari va talablarini, shuningdek, «nogiron» so‘zi o‘rniga «nogironligi bo‘lgan shaxs» atamasidan foydalanishni nazarda tutuvchi «Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida»gi Qonun mamlakatimizning yuqoridagi toifaga mansub vakillarining huquq va manfaatlarini ifodalashga xizmat qiladi. 

«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonunning qabul qilinishi, hozirda amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga solishtirganda bu toifa hamyurtlarimizga qator yangi imtiyozlardan foydalanish imkonini yaratmoqda», dedi Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Mahmud Parpiyev.

Muhokamalar davomida so‘z olgan Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev nogironligi bo‘lgan bolalarga maxsus ta'lim muassasalarida sharoitlar yaratish bo‘yicha vazirlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida gapirdi.

«Bugungi kunda respublikamizda 86ta nogironligi bo‘lgan bolalar ta'lim oladigan ixtisoslashgan maktab, psixik va jismoniy rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun maktab-internatlar bor. Mana shu maktablarda bugungi kunda 21 mingdan ortiq o‘quvchilar ta'lim-tarbiya olyapti. Maktablarga bora olmaydigan 13 mingdan ortiq o‘quvchilar uyda, yakka tartibda ta'lim olmoqda.

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan hozirgi kunda inklyuziv ta'lim bo‘yicha prezident qarori loyihasi tayyorlandi. So‘nggi yillarda nogironligi bo‘lgan bolalar soni ortib boryapti. So‘nggi 5 yilda hisob-kitob qilganimizda nogironligi bo‘lgan bolalar qamrab olingan maktablardagi bolalar soni 21 mingdan 34 mingga yetgan. Shu sababli inklyuziv ta'limni rivojlantirmasak, bolalarga erkin barcha maktablarga borish imkoni yaratilmasa, bolalarning haq-huquqlari ta'minlanmagan bo‘ladi», dedi vazir o‘rinbosari.

Qonun kuchga kirishi bilan tibbiy tekshiruv komissiyalari faoliyati takomillashadi, murojaat qiluvchi 10 kalendar kunida xulosani oladi. Tibbiy tekshiruvlar bepul amalga oshiriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar ambulator va statsionar rejimida imtiyozli davolanadi. Protez-ortopediya anjomlariga bo‘lgan ehtiyojlari qondiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun binolarga kirib-chiqish uchun maxsus yo‘lakchalar, panduslar, jamoat transportida maxsus o‘rindiqlar, tushib-chiqish uchun bekatlarda ularga sharoitlar yaratiladi. Ular uchun ta'lim olishning barcha bosqichlarida qulayliklar ko‘zda tutiladi. Kasb-hunarga o‘rgatish, kollej va texnikumlarda ta'lim olishlari davlat hisobidan ta'minlanadi. Oliy ta'limda jami kontingentning 2 foizi miqdorida davlat grantlari ajratiladi.

Mahalliy hokimliklar nogironligi bo‘lgan shaxslar uy-joy sharoitini yaxshilashga mas'ul bo‘ladi. Nikoh tuzish va oila qurish, bolalarni farzandlikka olish, bolalarni tarbiyalashga doir majburiyatlarni bajarishi chog‘ida yordam olish, shu jumladan uyida va yashash joyida xizmatlar ko‘rsatilishi huquqi ta'minlanadi.

Davlat nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga moddiy, maslahatga oid va boshqacha tarzda yordam beradi hamda ularni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ushbu Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Top