07:47 / 11.09.2020
81501
Toshkentda karantin qoidalarini buzgan holda to‘y tashkil etgan fuqaroga chora ko‘rildi

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi bo‘yicha ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Foto: IIBB axborot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik qatnashgan to‘y videosi tarqaldi. Mazkur holat Toshkent shahar IIBB mas'ul xodimlari tomonidan o‘rganildi

IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, video 9 sentabr kuni Toshkent viloyati Toshkent tumanida olingan bo‘lib, u yerga 29 yoshli Ahmadjon T. kuyov sifatida o‘rtoqlari bilan kelgan. Bundan tashqari, Ahmadjon T. to‘yini Shayxontohur tumanidagi uyida tashkillashtirgan va to‘yga 40 nafardan ortiq mehmonlar kelishgan.

Mazkur fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (“Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish”) bo‘yicha ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

“Hurmatli fuqarolar! Karantin cheklovlarining yumshatilishi koronavirus infeksiyasi yo‘qolganidan darak bermaydi.

Sizdan quyidagi sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilishingizni so‘raymiz: jamoat joylarida tibbiy niqob taqib yurish zarur, shuningdek ijtimoiy masofa saqlash muhimdir, to‘y tadbirlarini 30 kishi ishtirokida o‘tkazish lozim. O‘zingizni va yaqinlaringizni asrang, salomat bo‘ling”, - deyiladi IIBB ma'lumotida.

Top