14:27 / 11.09.2020
10071
Vazir o‘rinbosari sog‘liqni saqlash tizimida mablag‘lar noqonuniy o‘zlashtirilishi holatlari bo‘yicha izoh berdi

Shifokorlarga maosh berish va oziq-ovqat mahsulotlari xaridida davlat budjeti mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish holatlari kuzatilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Abduhakim Hojiboyev Senatning yalpi majlisida koronavirus bilan kurashishga jalb qilingan sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirishga nimalar sabab bo‘layotgani haqida gapirdi.

«Koronavirus bemorlari davolanayotgan va unga gumon qilinuvchilar karantinga olinadigan muassasalarda davlat budjeti va jamg‘armalardan ajratilayotgan mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi, noqonuniy o‘zlashtirilishi hollari ko‘plab kuzatilmoqda.

Bu muassasalarida ishlayotganlarning oylik maoshini ko‘tarish, qo‘shimcha 6 foizlik ustama berish kabilar belgilangan bo‘lib, bunda qaysidir o‘rinlarda bilib-bilmay xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirishning asosiy sabablaridan biri shu.

Yana bir sabab - karantin zonalarida va shifoxonalarda ovqatlanishni tashkil qilish bilan bog‘liq. Ko‘p hollarda ovqatlanishni tashkil qilishda oziq-ovqat mahsulotlarning narxini oshirish va shu orqali mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish holatlari bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligida ichki audit, sifat nazorati va moliyaviy nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning joylardagi vakillariga bu bo‘yicha vaziyatni nazoratga olish topshirig‘i berilgan», deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, o‘tgan yarim yillikda sog‘liqni saqlash tizimida 285ta holatda 14 mlrd so‘m mablag‘ning noqonuniy o‘zlashtirilishi va maqsadsiz sarflanishi hollariga yo‘l qo‘yilgan.

Senat raisi bu masalaga nisbatan murosasiz bo‘lishga chaqirdi.

«Davlat rahbarining qarori asosida koronavirusga qarshi kurashga jalb qilinganlarning maoshlari ko‘tarildi. Shuningdek, respublikada korrupsiyaga qarshi kurash ishlari yangi bosqichga olib chiqilgan. Shu bois, sog‘liqni saqlash tizimida qat'iy nazorat mexanizmlari ishlashi, mablag‘lar bilan noqonuniy harakatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish lozim», dedi Tanzila Norboyeva.

  • Ma'lumot uchun, Andijon viloyati SEOMda 159 million so‘mlik, Qashqadaryo viloyati SEOMda qariyb 918 million so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani xabar berilgan edi. Bundan tashqari, Navoiy viloyati SEOM mansabdor shaxslari Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan ajratilgan 500 million so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi SEOMni ta'mirlash ishlarida 189,2 million so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan. Namangan viloyat SEOM mansabdor shaxslari esa 250 million so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgan, shuningdek, mazkur SEOM iqtisodchisi 40 million so‘m pora bilan qo‘lga tushgan.
Top