09:59 / 11.09.2020
5450
Xorazmda «kannabis» o‘simligini ekib, yetishtirib kelayotgan shaxs ushlandi

Xorazm viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasi tomonidan yana bir jinoyat fosh etildi.

Xorazm viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasi shaxsiy tarkibi tomonidan ayni kunlarda "Qoradori-2020" tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, boshqarma xodimlari tomonidan olingan ma'lumotlarga asosan, Urganch tumanida yashovchi, ilgari giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish jazoni o‘tab chiqqan, 1975 yilda tug‘ilgan Sh.M.ning uyi 2020 yil 9 sentabr kuni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Xorazm viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, u o‘z uyining tomorqasida 9 tup “Kannabis” o‘simligini ekib, yetishtirib kelayotganligi aniqlandi. Kimyoviy ekspertizadan o‘tkazilganida, tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan ushbu 9 tup “Kannabis”ning og‘irligi bir kilogrammdan ortiq ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top