20:21 / 12.09.2020
12951

Erdo‘g‘an Makronga O‘rta yer dengizi masalasida Turkiya bilan bog‘lanmaslikni maslahat berdi

Keyingi vaqtda Fransiya prezidenti Sharqiy O‘rta yer dengizidagi beqarorlikni qoralab tez-tez chiqish qilmoqda va Gretsiyani qo‘llab-quvvatlamoqda.

Foto: AFP

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an fransiyalik hamkasbi Emmanyuel Makronga Sharqiy O‘rta yer dengizi muammosini hal qilishga urinib Anqara bilan bog‘lanmaslik kerakligini aytdi.

"Makron Fransiyaning turk millati bilan emas, Erdo‘g‘an bilan muammolari borligini aytmoqda. Janob Makron, shaxsan men bilan kattaroq muammolaring bo‘ladi. Turk xalqi va Turkiya bilan bog‘lanma. Afrika tarixi – bu Fransiya tarixi, Afrikada millionlab odamlarni sizlar o‘ldirgansizlar", - dedi Turkiya prezidenti.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Parijning Anqaraga "insoniylik borasida dars o‘tishga haqqi yo‘q".

"Buni shaxsan o‘ziga aytdim. U tarixni bilmasligini aytdim", - deb qo‘shib qo‘ydi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

Keyingi vaqtda Fransiya prezidenti Sharqiy O‘rta yer dengizidagi beqarorlikni qoralab tez-tez chiqish qilmoqda va Gretsiyani qo‘llab-quvvatlamoqda.

10 sentyabrda Korsikada Gretsiya, Italiya, Ispaniya, Kipr, Malta va Portugaliya ishtirokida Janubiy Yevropa mamlakatlari (MED 7) sammiti bo‘lib o‘tdi. Makron Turkiya dengiz shelfida geologik razvedkani davom ettiradigan bo‘lsa, unga qarshi sanksiyalar ro‘yxati tuzilishi haqida ogohlantirdi.

Mavzuga oid
Top