01:54 / 12.09.2020
3877
MAN butun dunyo bo‘ylab 25 foiz xodimini bo‘shatishni rejalashtirmoqda 
Foto: Bloomberg

Germaniyaning yuk mashinalar va avtobuslar ishlab chiqaruvchi MAN kompaniyasi o‘z faoliyatini qayta tashkillashtirish doirasida butun dunyo bo‘ylab 25 foiz, ya'ni 9,5 mingga yaqin xodimini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya bayonotiga tayanib Financial Times nashri xabar berdi. 

Qayta tashkillashtirishdan maqsad 2023 yilgacha savdolar daromadliligini 8 foizga yetkazish va 1,8 mlrd yevro miqdorida xarajatlarni qisqartirish hisoblanadi.   
        
Kompaniya mart va aprelda pandemiya sababli ishlab chiqarishni to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Natijada kompaniyaning birinchi yarim yillik bo‘yicha savdolari hajmi 34 foizga tushib ketgan, zarar esa 423 mln yevroni tashkil qilgan. Vaholanki, 2019 yil birinchi yarmida kompaniya 248 mln yevro miqdorida operatsion daromad olgan. 

Kompaniya qayta tashkillashtirish davomida ish o‘rinlarini qisqartirishdan tashqari, konstruktorlik va ishlab chiqarish tarmog‘ini qayta qurishni rejalashtirmoqda. Bunda kompaniyaning Avstriyadagi Steyr Motors zavodi kelajagi muhokamaga qo‘yiladi.

Ushbu yangiliklar ortida kompaniyaning aksiyalari Frankfurt birjasidagi savdolar vaqtida 3,26 foizga arzonlashgan. Umuman olganda, kompaniya yil boshidan 29,5 foiz qiymatini yo‘qotgan.

Top