18:31 / 12.09.2020
66142
O‘zbekistonda oktyabrdan boshlab Skoda Kodiaq sotila boshlaydi

Kodiaq yetti kishilik krossover bo‘lib, u Rossiyadagi zavodda ishlab chiqariladi. Avtomobil oktyabrdan yetkazib berila boshlaydi.

Foto: Skoda

Joriy yil oktabr oyida O‘zbekistonda Skoda Kodiaq sotuvga chiqariladi. Kun.uz manbasining xabar berishicha, sentabr oyida ushbu avtomobilning taqdimoti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ushbu marosimda mashina narxi va boshqa ma'lumotlar rasman e'lon qilinishi kutilmoqda.

Skoda – Jizzakh Auto (Volkswagen Uzbekistan) kompaniyasi VAG konserni lineykasidagi ikkinchi brend hisoblanadi. O‘zbekistonda sotilishi ko‘zda tutilgan Kodiaq yetti kishilik krossover bo‘lib, u Rossiyadagi Volkswagen Group Rus zavodida ishlab chiqariladi. Avtomobil oktyabrdan yetkazib berila boshlaydi.

«Dunyoning yil avtomobili» (World Car Of The Year, WCOTY) tanlovi tashkilotchilari avgust oyida g‘oliblik uchun kurashadigan 24ta nomzodni e'lon qilishgan, ular orasida Skoda Kodiaq krossoveri ham bor.

O‘zbekistonda iyuldan boshlab Volkswagen Caddy tijoriy avtomobillarini sotish yo‘lga qo‘yilgan, Volkswagen konserni tomonidan 3 xil namunada taklif qilinayotgan avtomobillar 172 100 000 so‘mdan boshlanadi.

Avvalroq Volkswagen Caddy, Volkwagen Crafter, Volkswagen Tiguan hamda Skoda Octavia rusumli mashinalar O‘zbekistonda ishlab chiqarish uchun tanlab olingan aytilgandi.

2019 yil yanvar oyida Germaniyaga tashrif buyurgan Shavkat Mirziyoyev mamlakatning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Ular qatorida Volkswagen rahbariyati ham bo‘lgan. 2020 yilning may oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer nemis avtomobil ishlab chiqaruvchisining o‘zbek bozorida ish boshlashini qo‘llab-quvvatlagan.

Prezident qaroriga ko‘ra, birinchi bosqichda 2020−2021 yillarda Volkswagen va Skoda avtomobillarini tayyor holda olib kirish rejalashtirilgan. Buning uchun Farg‘ona, Toshkent va Jizzaxda dillerlik va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari ishga tushiriladi. Ikkinchi bosqichda esa 2022 yildan boshlab to‘liq ishlab chiqarish, investitsiyalar hajmi eksport masalalari ko‘rib chiqiladi.

Bundan oldin, O‘zbekistonda KIA’ning eng yangi modeldagi avtomobillari ishlab chiqarilishi xabar berilgandi

Top