11:30 / 12.09.2020
5291

Samarqand davlat tibbiyot institutida tibbiyot sohasining eng muhim tarmoqlari dunyoning yetakchi olimlari tomonidan muhokama etildi

Zamonaviy tibbiyotni fundamental fanlar va ularning yutuqlarisiz tasavvur qilish qiyin. Innovatsiyalarni amaliy tibbiyotga joriy qilinishi kasalliklarga tashxis qo‘yish va shu yo‘l orqali ularning oldini olishda eng to‘g‘ri va haqqoniy yo‘l hisoblanadi.

Samarqand davlat tibbiyot institutida «Diagnostik radiologiya va yadro meditsinasining tanlangan masalalari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya o‘tkazildi. Anjuman Samarqand davlat tibbiyot institutining 90-yilligiga bag‘ishlandi.

Anjuman ochilishida institut rektori, professor Jasur Rizayev zamonaviy internet texnologiyalarning hayotimizga keng miqyosda kirib kelayotgani va bu kabi anjumanlarni o‘tkazish imkoni mavjud ekanligini aytib o‘tdi.

Konferensiyada Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi, Respublika radiologlar jamiyati a'zolari, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti olimlari bilan birga Rossiya, Germaniya, Quvayt kabi davlatlarning yetakchi oliy ta'lim muassasalari, ilmiy-tekshirish institutlarining mutaxassislari, yosh olimlar qatnashdilar. Zamonaviy radiologiya va yadro meditsinasining hozirgi zamonda tibbiyot sohalarining barcha jabhalaridagi o‘rni, onkologiya, neyroxirurgiya, yuqumli kasalliklar, xirurgiya, terapiya va koronavirus pandemiyasi diagnostikasi kabi masalalarga oid ma'ruzalar eshitildi.

Xalqaro onlayn anjumanda sohaning dolzarb masalalari, shu jumladan radiologlar tayyorlashning xorijiy tajribasi, diagnostika va davolash jarayonida radiologiya va yadro meditsinasi fanlarining o‘rni, xorij tajribasining milliy tibbiyot oliygohlari o‘quv jarayoniga, mamlakatimiz tibbiy muassasalarida davolash va diagnostika ishlariga tatbiq etish kabi masalalar muhokama qilindi.

SamDTIda bo‘lib o‘tgan mazkur xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya so‘zsiz radiologlar tayyorlash sifatini oshirish hamda mamlakatimizda diagnostika va davolash masalalarining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadi.

SamDTI matbuot xizmati

Top