08:26 / 12.09.2020
13572

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasida qanday yangiliklar aks etmoqda?

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasi 2 qism, 34 bob va 621 moddadan iborat.

Mehnat kodeksi mehnatga oid munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladigan asosiy qonun hisoblanadi. Lekin, qabul qilinganiga 25 yil to‘lgan mazkur kodeks bugungi kun talabiga javob bermay qoldi, deb yozadi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavludaxon Xo‘jayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kodeksda fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi turli xil shakllarining faol rivojlanishi kabi bir qator masalalar hisobga olinmagan. 

“Amaldagi kodeks 294 moddadan iborat bo‘lib, unda ishlamaydigan havolaki normalar ham talaygina. So‘nggi yillarda mehnat bozoridagi vaziyat ham o‘zgardi, qabul qilingan sohaga oid qator normativ-huquqiy hujjatlar asosida ko‘pgina yangi institutlarni, yangi mexanizmlarning amaliyotga kiritilganligi kodeksni yangi tahrirda qabul qilish zaruratini tug‘dirdi”, - deydi u.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, hukumat tomonidan tegishli vazirlik va tashkilotlar ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasi 2 qism, 34 bob va 621 moddadan iborat.

Qonun loyihasining asosiy jihati u to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan xususiyatga ega bo‘lib, qo‘shimcha qonunosti hujjatlarni qabul qilishni talab qilmaydi.

Qayd etilishicha, loyihada ish beruvchi sub'yektlar sifatida mulkiy va idoraviy mansubligidan qat'i nazar tashkilotlar, yollash huquqiga ega bo‘lgan tashkilotlarning alohida tarkibiy bo‘linmalari hamda jismoniy shaxslar belgilanmoqda. Mazkur qoidaning belgilanishi ishchi o‘rinlarining ko‘payishiga, norasmiy sektorda faoliyat olib boruvchi shaxslarning qisqarishiga hamda ularning huquqlarini doimiy ravishda himoya qilinishiga olib keladi.

Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikka oid alohida bo‘limda mazkur munosabatlarning huquqiy asosi ochib berilmoqda. Ijtimoiy sheriklik xodimlar, ish beruvchilar, ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi mehnat va u bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ish beruvchilar va xodimlar manfaatlarini muvofiqlashtirishdagi hamkorlikni ta'minlashga qaratilgan tizimni nazarda tutadi.

Loyihada nogironligi bo‘lgan shaxslarning, o‘rindoshlik asosida ishlovchilarning, kasanachilar mehnatining, masofadan ishlovchi xodimlarning, shuningdek, navbatchilik uslubida ishlayotgan shaxslar mehnatini tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari batafsil bayon etilmoqda.

Bugungi kunda ish beruvchi xodimning ishlash darajasidan qat'i nazar, uning pensiya yoshiga to‘lishi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi holatlari mavjud. Bu Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat va bandlik sohasidagi kamsitishlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi konvensiyasiga mos kelmaydi. Shuning uchun loyihada xodimning pensiya yoshiga to‘lishi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi chiqarib tashlanmoqda.

Shuningdek, moslashtirilgan ish vaqti rejimi belgilanayotgani qonun loyihasining muhim jihatlaridan. Bu ma'lum bir xodimlar yoki tashkilotning tarkibiy bo‘linmalaridagi xodimlar guruhlari uchun ish kunining boshlanishi, tugashi va umumiy ish kuni muddatini xodimning o‘ziga tartibga solishga ruxsat etgan holda ish vaqtini tashkil etish usuli hisoblanadi.

Amaldagi kodeksda bo‘lmagan ish bilan taminlash jarayonlarini raqamlashtirish, elektron mehnat daftarchalarini yuritish, mehnat shartnomalarini tuzish va yagona malumot bazasida ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmlari ochib berilmoqda.

Mehnat shartnomasining o‘zi bilan nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha mehnat shartnomalari bekor qilinishi mumkin bo‘lgan xodimlar doirasi masofaviy-ishchilar, uyda ishlovchilar, yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlaydigan ishchilar, uy xizmatchilari hisobiga kengaytirilyapti.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirishdan olingan saboqlarni hisobga olgan holda, xodimga qisman ish haqi bilan, lekin eng kam ish haqidan kam bo‘lmagan ta'til berish imkoniyatini belgilaydigan, shuningdek, ish haqi to‘lanmagan ta'tilni 6 oygacha uzaytiradigan me'yorlarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Loyihada so‘ngi yillarda sohaga oid qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarni hisobga olgan holda individual mehnat munosabatlari va jamoatchilik munosabatlarini tartibga solish bilan bog‘liq bo‘lgan huquqiy me'yorlar to‘plangan. Shuningdek, Mehnat kodeksining qoidalarini xalqaro huquq me'yorlariga, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarga, fuqarolik, oilaviy va boshqa bir qator huquq sohalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilmoqda.

Umuman aytganda, ushbu hujjat mazkur sohadagi qator muammolarni, mehnat bozoridagi vaziyatni inobatga olib, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan holda, qonuniy hal qilishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi, deydi Mavludaxon Xo‘jayeva.

Mavzuga oid
Top