11:57 / 12.09.2020
5781
«Zangiota-Chilonzor» yo‘nalishiga kirishi uchun «damaschi»dan pul talab qilgan shaxslar ushlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-, 276-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan, fuqaroni o‘z avtomobilida “Zangiota-Chilonzor” yo‘nalishida kira qilishi uchun undan 500 AQSh dollari talab qilgan ikki shaxs daliliy ashyo bilan ushlandi. Ularga jinoiy ish ochildi.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilning 5 sentabr kuni fuqaro F.M. viloyat IIBBga ariza bilan murojaat qilib, shaxsiy Damas avtomashinasida qonunda belgilangan tartibda davlat bojlari va boshqa to‘lovlarni to‘lab “Zangiota-Chilonzor” yo‘nalishi bo‘ylab kira qilish maqsadida ishga chiqmoqchi bo‘lganida, unga o‘zini Nodir va Nosir deb tanishtirgan noma'lum shaxslar bu yo‘nalishda ishlashi uchun undan 500 AQSh dollari talab qilganini, buning evaziga uning harakatlanish vaqtida hech qanday muammoga duch kelmasligini aytganini bildirgan. U ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

7 sentabr kuni IIBB JQB xodimlari tomonidan Zangiota tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 31 yoshli N.S. va 24 yoshli N.M. arizachi F.M.dan kelishilgan pullarning 400 AQSh dollarini olayotgan vaqtida xolislar ishtirokida daliliy ashyo bilan ushlangan.

Tadbir davomida fuqaro N.S. xolislar ishtirokida tekshirilganda, uning yonidan og‘irligi (ekspertiza xulosasiga asosan) 50 gramm bo‘lgan giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olingan. 

Mazkur holat yuzasidan Zangiota tumani IIB tomonidan fuqaro N.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-, 276-moddalari bilan, fuqaro N.M.ga nisbatan 168-modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top