13:34 / 13.09.2020
3766
Dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi

Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida dori vositalarini noqonuniy ravishda chegaradan o‘tkazishga urinish holatlari to‘xtatildi.

Videodan kadr

Bekobod tumani hududida 640 mln so‘mlik 4000 dona «Meropenem» dori vositasini Tojikiston hududidan O‘zbekiston hududiga olib kirishga uringan «Neksiya» rusumli avtomashina aniqlandi. Bu haqda DXX Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati xabar bergan.

«DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Bekobod tumani hududida o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida mahalliy fuqaro G‘ofurov boshqaruvidagi «Neksiya» rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshirildi. Natijada, uning salon qismida 640 mln so‘mlik 4000 dona «Meropenem» dori vositasi borligi ma'lum bo‘ldi», deyiladi ma'lumotda.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, tojikistonlik Shuhrat ismli shaxsga tegishli bo‘lgan mazkur dori vositalari aylanma yo‘llar orqali O‘zbekistonga olib o‘tilgan bo‘lib, G‘ofurov ularni kelgusida sotish uchun Shuhratning Toshkent shahridagi tanishlariga yetkazib berishi rejalashtirilgan. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, shu kabi qonun buzilish holati Sirdaryo viloyatida ham aniqlandi. Xususan, mahalliy fuqarolar Mamayev hamda Qo‘chqorov davlat chegarasining Sirdaryo tumani «Oq yo‘l» MFY hududidan o‘tuvchi qismidan Qozog‘iston Respublikasiga tibbiy buyumlar va dori vositalarini yashirin ravishda o‘tkazishga uringanida DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ushlangan.

Ushbu shaxslardan qariyb 75 mln so‘mlik «Tivortin», «Deksametozon» dori preparatlari va boshqa tibbiy vositalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. 

Hozirda ushbu holat bo‘yicha dastlabki tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top