07:40 / 13.09.2020
3048
Falastin Bahrayndan elchisini chaqirtirib oldi

Falastin hukumati Bahrayn va Isroil o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga kelishib olgani sababli Bahrayndan o‘z elchisini maslahatlashuv uchun ortga chaqirtirib oldi. Bu haqda Falastin tashqi ishlar vazirligiga tayanib Al Jazeera telekanali xabar berdi.

Foto: Nasser Nasser / AP

Avvalroq, 11 sentyabrda AQSh prezidenti Donald Tramp ikki davlat o‘rtasida munosabatlar yaxshilanishi haqida e'lon qilgandi. Axios nashri ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh Bahrayndan Isroil bilan tinchlik sulhi imzolashini talab qilib, bir necha hafta davomida unga bosim o‘tkazgan.

13 avgustda Isroil va BAA o‘rtasida shunday kelishuv tuzilgandi. Yaqin vaqtlar ichida tomonlar bir-birining hududida elchixonalar faoliyatini tiklash masalasida, shuningdek, kommunikatsiya, turizm va xavfsizlik masalalarida muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda.

Ikkala holatda ham Falastin arab davlatlarining Isroil bilan munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha qarorini qattiq qoralagan. Falastin o‘shanda ham BAAning ushbu harakatlari ortidan Abu-Dabidan o‘z elchisini chaqirtirib olgan.

Top