18:00 / 13.09.2020
94974
Kirish imtihonlari yakunlanmoqda. Mandat arafasida abituriyentlar nimalarni bilishi lozim?

2–13 sentabr kunlari respublika bo‘yicha kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Unda 1,5 millionga yaqin abituriyent OTMlardagi 140 mingga yaqin o‘rin uchun kurashdi.

"Paxtakor" stadioni / Foto: Kun.uz

Bugun, 13 sentabr kuni esa OTMlarga kirish imtihonlarining oxirgi kuni hisoblanadi. Quyida biz abituriyentlardan eng ko‘p kelib tushayotgan savollarga javoblarni keltirib o‘tamiz.

Natijalar qachon aniq bo‘ladi?

Ayni paytda abituriyentlar o‘zlari to‘plagan ballarini imtihonning ertasigayoq bilib olishmoqda. Biroq abituriyent qaysi o‘rinda turganini bilish imkoniyati hali yaratilmadi.

Agar ob-havo sharoiti to‘siq bo‘lmasa, tana harorati yuqoriligi aniqlangan abituriyentlar uchun 17 sentyabrda alohida imtihon tashkillashtirib beriladi.

Istisno tariqasida tashkillashtiriladigan imtihon 17 sentyabrda tugasa, kamida o‘sha kuni yoki undan oldinroq abituriyentlar to‘plagan baliga ko‘ra qaysi o‘rinda ekanini bilib olishi mumkin bo‘ladi.

18 sentyabrdan boshlab esa natijalar umumlashtirilib, tartiblash ishlari boshlanadi.

So‘ng bir hafta ichida – 24 sentyabrgacha bo‘lgan vaqtda tanlov natijalari, ya'ni abituriyentlarning talabalikka qabul qilingani haqidagi natijalarni e'lon qilish rejalashtirilgan.

Natijasidan norozi abituriyent nima qiladi?

Test sinovlari natijasidan norozi abituriyentlar Davlat komissiyasi belgilagan muddatda Davlat test markazida tashkil etiladigan apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega.

Davlat test markazi apellyatsiya shikoyatlarini ham onlayn qabul qilish ustida ishlanayotganini ma'lum qilgan.

Apellyatsiya uchun arizalar test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng 10 kun muddatda qabul qilinadi. Abituriyent apellyatsiyaga xabarnomada belgilangan kunda pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi talab etiladi.

Apellyatsiya jarayonida abituriyentga u tomonidan bajarilgan test materiallari taqdim etiladi. Taqdim etilgan materiallar asosida abituriyent o‘zining har bir noto‘g‘ri deb hisoblangan test topshirig‘iga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi.

Apellyatsiya shikoyati apellyatsiya komissiyasi tomonidan faqat abituriyent ishtirokida uning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi.

Abituriyentning yozma javoblari o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa, apellyatsiya komissiyasi test sinovlari natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Bundan tashqari, agar abituriyent imtihon vaqtida test kitobchasidagi nuqsoni bor savollar haqida vaqtida nazoratchilarni ogohlantirmagan bo‘lsa, uning da'vosi apellyatsiyada inobatga olinmaydi.

Talabalikka qabul qilinganlar uchun qachondan o‘qish boshlanadi?

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi birinchi kurs talabalari uchun darslar 2 oktyabrdan, onlayn tarzda boshlanishini ma'lum qilgan.

Lekin o‘qishlar qachondan an'anaviy shaklga o‘tkazilishi hali noma'lum. Vazirlik matbuot xizmati boshlig‘i Farhod Babashev an'anaviy ta'limga 2-semestrdan boshlab qaytilishi mumkinligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, bu yil respublika OTMlarida kunduzgi shaklda o‘qiyotgan talabalar uchun 10 foiz chegirma e'lon qilingan.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga OTMlar 4 mln so‘mgacha moliyaviy yordam ko‘rsatishi, Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan 4 mingdan ortiq talabaga kontraktning 35 foizi to‘lab berilishi ma'lum qilingan.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Mavzu
Abituriyent-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top