19:57 / 14.09.2020
16335
Chirigan kartoshka urug‘i ishi: ayblanuvchilar zararni qoplamay sudda ozod etildi

Fermerlarga chirigan kartoshka yetkazib berib, yetkazilgan zararning 12 milliard so‘mdan oshig‘ini qoplamagan bo‘lishiga qaramay, jinoyat sodir etgan shaxslar sud zalidan qamoqdan ozod etilgan. Jabrlanuvchi fermerlar esa qo‘llanilgan jazodan norozi bo‘lishmoqda.

2018 yili Jizzax viloyatida 309ta fermer xo‘jaligiga chirigan kartoshka urug‘ini yetkazib, shartnoma shartlarini buzgan kompaniya ustidan tergov harakatlari olib borilgan. Ushbu jinoiy ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudida ko‘rib chiqilib, hukm e'lon qilingan. Fermerlar sudning hukmidan norozi bo‘lishmoqda.

Mazkur ishdan jabr ko‘rgan jizzaxlik fermerlar 2018 yili yuz bergan bu voqealarni batafsil gapirib berishdi. Ularning ta'kidlashicha, «Agro tayyorlov» mas'uliyati cheklangan jamiyati 5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ni fermerlar nomiga rasmiylashtirib, pullarni o‘zlashtirgan. Evaziga fermerlarga sifatsiz va chirigan kartoshka urug‘i berilgan. Bu ham yetmagandek, kartoshka urug‘lari ekish mavsumidan kechiktirib yetkazilgan.

Norqul Eshmatov

«15 yillik fermerlik tajribam bor, shu o‘tgan vaqt ichida dalamda kartoshka yetishtirganman. Aholini oziq-ovqat bilan ta'minlash uchun yangi va hosildor urug‘ kerak bo‘ladi. Qanchalik qimmat bo‘lmasin, sifatli urug‘ni sotib olib, mo‘l hosil qilishga harakat qilganmiz. 2018 yili «Agro tayyorlov» MChJ Baxmal tumani hokimi bilan birgalikda fermerlarga murojaat qildi. Ular yangi va sifatli kartoshka urug‘ini sotishini aytib, taklif bildirdi. Hokim ularning yonida kompaniya gapini ma'qullab, fermerlarni shunga da'vat etdi», — deydi fermer Norqul Eshmatov.

Almurod Jo‘rayev

Baxmallik fermer Almurod Jo‘rayevning aytishicha, kompaniya oldida hokimiyat vakillarining turgani sabab bank kredit rasmiylashtiruvi g‘ayritabiiy tarzda tezlashib ketgan hamda bosim tufayli fermerlar kartoshka urug‘ini «Agro tayyorlov» MChJdan xarid qilishga majbur bo‘lgan.

«Eng qizig‘i, hozir bank bu qadar tez ishlamaydi. O‘sha safar pullar kompaniya hisobiga tushganini biz keyinroq bildik. Ammo kredit bizning nomimizga rasmiylashtirilgandi», — deydi u.

Xat-hujjatsiz kartoshka urug‘ini muddatidan kechikib yetkazib bergan kompaniya fermerlarning keyingi e'tirozlarini eshitmagani iddao qilinmoqda. O‘tgan ikki yil ichida mazkur ish yuzasidan ikki marta iqtisodiy sud qarori qabul qilingan. Har gal fermerlar shikoyati qanoatlantirilmay, ularga yetkazilgan zarar qoplanmagan.

Shundan so‘ng, kompaniya vakillariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudining hukmi bilan kompaniya mansabdor shaxslari tergovda ayblangan moddalarning ayrimlari bo‘yicha oqlanib, zarar qoplanmagan bo‘lsa ham, sud zalidan ozodlikka chiqarilgan.

Bosh prokuratura tergovida bo‘lgan mazkur jinoyat ishi doirasida «Agro tayyorlov» MChJ mansabdor shaxslari 1,2 milliard so‘mlik 155 tonna kartoshka urug‘ini yetkazib bermagani ham aniqlangan.

«Kompaniya men bilan shartnomada 2 tonna kartoshka urug‘ini yetkazib berish majburiyatini bajarmadi. Ular bor-yo‘g‘i 1,7 tonna keltirib, yukning qolgan qismini keyinroq berishini aytib, aldab ketdi», deydi fermer Norqul Eshmatov.

Tergov davomida kompaniya 3,8 milliard so‘mlik yegulik kartoshka mahsulotlarini naqd pulga sotib, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzgani ham aniqlangan. Shuningdek, «Agro tayyorlov» MChJ 870 million so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagani ma'lum qilingan.

Jinoyat ishi tergovi yakuniga ko‘ra, «Agro tayyorlov» MChJ mansabdor shaxslari Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi, 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi va boshqa moddalari bilan ayblanib, ularning uch nafariga «qamoq» va bir nafariga «garov» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

«Agro tayyorlov» MChJ mansabdor shaxslari fermerlarga yetkazilgan zararning 1,2 milliard so‘mi qoplanmagan.

Bundan tashqari, ushbu jamiyat rahbarlari “Imkon agro” MChJni tashkil qilib Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi jami 1018 nafar fermerlarga 11,4 mlrd so‘mlik 1364 tonna urug‘lik kartoshka mahsulotlarini yetkazib bermagan bo‘lsada sud ushbu ayblovga umuman etibor qaratmagan.

«Bularni inobatga olmagan sud esa kompaniya mansabdor shaxslarini barvaqt ozodlikka chiqarib, bir guruh fermerlar manfaatiga zid hukm chiqardi», — deydi Fermerlar kengashi huquqshunosi Chorixon Qodirov.

Ayni vaqtda Sergeli tuman prokurori Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudining 2020 yil 14 avgustdagi hukmini bekor qilib, tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblovlar bilan yangi hukm chiqarishni so‘rab, protest kiritgan.

Kun.uz ayblanuvchilarning ozodlikka chiqarilishiga oid sud hukmi va ishning boshqa tafsilotlarini o‘rganishda davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi va 168-moddalarida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirdagina ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi Otaxon Yusupov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top