07:42 / 14.09.2020
3534

Dominik Tim US Open’da g‘alaba qozondi

Avstriyalik tennischi Dominik Tim AQShda o‘tgan US Open musobaqasi g‘olibi bo‘ldi. Tim final bahsida germaniyalik Aleksandr Zverevni mag‘lubiyatga uchrata oldi.

E'tiborlisi, avstriyalik tennischi dastlabki ikki setni yutqazib, keyingi uch setda g‘alabani ilib keta olgan. US Open finalida oxirgi marta bunday holat 1949 yilda yuz bergan: o‘shanda ham amerikalik Pancho Gonsales dastlabki ikki setda yutqaza turib, so‘ngra g‘alabaga erishgan. 

Tim va Zverev o‘rtasidagi uchrashuv 2:6, 4:6, 6:4, 6:3, 7:6 (8:6) hisobida yakunlandi. U 4 soat 1 daqiqa davom etdi.

27 yoshli Tim “Katta dubulg‘a” seriyasiga kiruvchi musobaqada birinchi marta g‘alaba qozondi. Bungacha u ikki marta Roland Garros (2018, 2019) va bir marta Australian Open (2020) finaliga chiqa olgan. Hozirda Tim professional tennischilar reytingida 3-o‘rinni egallamoqda. 

Musobaqaning ayollar bahsida yaponiyalik Naomi Osakaning qo‘li hammadan baland keldi. U final uchrashuvida belaruslik Viktoriya Azarenkoni 1:6, 6:3, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Shu tariqa Osaka ikkinchi marta US Open’da zafar quchdi. Yaponiyalik tennischi birinchi marta bunday natijaga 2018 yilda erishgan. Naomining hisobida 2019 yilgi Australian Open’dagi g‘alaba ham bor.

AQSh ochiq chempionati pandemiya tufayli tomoshabinlarsiz o‘tgan. Uning mukofot jamg‘armasi 53,4 mln dollarni tashkil qilgan.  

Top