18:54 / 14.09.2020
14136

Rossiya IIV migrantlar uchun avans solig‘i joriy etishni taklif qildi

Foto: Izvestiya

Rossiya IIV mamlakatga ishlash uchun keladigan migrantlar uchun yagona bo‘nak solig‘i joriy etishni taklif qildi. Bu haqda vazirlik tomonidan tayyorlangan migratsiya masalalari bo‘yicha yangi qonun loyihasi konsepsiyasida qayd etilgan.

Unga ko‘ra, bu turdagi soliqni to‘lash uchun elektron patent rasmiylashtirish talab qilinadi. Migrantlarni ishga yollashni xohlovchi ish beruvchilar shaxsiy kabinetda ro‘yxatdan o‘tishi va maxsus shaklni to‘ldirishi lozim bo‘ladi.

Konsepsiyaga ko‘ra, bo‘nak solig‘i ko‘rinishidagi daromad solig‘i to‘lanmagan taqdirda migrantlarga soliqni 15 kun ichida to‘lash talab qilingan xabarnoma yuboriladi. Soliqni to‘lamaganlarga Rossiyada ishlash taqiqlanishi va mamlakatdan deportatsiya qilinishi mumkin.

Avvalroq IIV migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i Valentina Kazakova Rossiyada barcha migrantlardan barmoq izlarini olish rejalashtirilayotganini ma'lum qilgandi.

IIV, xususan, Rossiyada 30 kundan ortiq vaqt davomida bo‘lgan barcha migrantlarga barmoq izlari, fotosurat, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va ID-kartalarni olish majburiyatini yuklamoqchi.

Top