23:38 / 14.09.2020
8018
Vaksina ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya 2024 yil oxirigacha barchani koronavirusga qarshi vaksina bilan emlash imkonsizligini ma'lum qildi
Foto: Reuters

SII kompaniyasi ijrochi direktori Adar Punavallaning so‘zlariga ko‘ra, sayyoradagi barchaga vaksina yetib borishi uchun to‘rt-besh yil kerak bo‘ladi.

Dunyoda koronavirusga qarshi vaksinaga bo‘lgan ehtiyoj 2024 yil oxiridan keyingina to‘liq qondirilishi mumkin.

«Sayyoradagi barchaga vaksina yetib borishi uchun to‘rt-besh yil kerak bo‘ladi», — dedi dunyodagi eng yirik vaksina ishlab chiqaruvchi Serum Institute of India (SII) kompaniyasi ijrochi direktori Adar Punavalla Financial Times gazetasiga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agarda har bir kishiga ikki dozadan COVID-19 vaksinasi kerak bo‘lsa, dunyo bo‘yicha 15 mlrd doza vaksina lozim bo‘ladi. Farmatsevtika kompaniyalari vaksinaga bo‘lgan ehtiyojni 2024 yildan avvalroq qanoatlantirish uchun ishlab chiqarish quvvatlarini yetarlicha tezlikda kengaytirmayapti, dedi u.

Serum Institute of India — dunyodagi eng yirik vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniya. Qayd etilishicha, kompaniya COVID-19ga qarshi vaksina ishlab chiqish bilan shug‘ullanayotgan AQShning Novavax va Shvetsiya-Britaniyaning AstraZeneca kompaniyalari bilan hamkorlik qilmoqda. Bundan tashqari, Serum Institute Rossiyaning Gamaleya nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi bilan ham hamkorlik qilishi mumkin.

Kompaniya AstraZeneca bilan kelishuv doirasida 68 mamlakat uchun koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqaradi, bir doa vaksinaning narxi 3 dollar atrofida bo‘ladi. Novavax bilan kelishuv doirasida esa 92 mamlakat uchun vaksina ishlab chiqariladi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top