15:26 / 14.09.2020
25609
Yaponiyaning yangi yetakchisi Yosixide Suga – dehqon o‘g‘li, siyosiy o‘yinlar ustasi

Yaponiyadagi hukmron Liberal-demokratik partiyaning yangi raisi Yosixide Suga uzoq yillar davomida uchinchi va ikkinchi darajadagi rollarni ijro etishni ma'qul ko‘rgan, ammo hozirda bosh vazir lavozimiga ishonchli yo‘l ochgan mohir siyosiy o‘yinchi hisoblanadi. U chorshanba kuni bosh vazir lavozimiga saylanishi kutilmoqda.

Foto: Eugene Hoshiko/Pool via REUTERS

Karton fabrikasi ishchisi 

Yosixide Suganing otasi bosib olingan Manchjuriyada temir yo‘l ishchisi bo‘lgan, Tokioning Ikkinchi jahon urushidagi mag‘lubiyatidan so‘ng Yaponiya shimoliga qochib o‘tgan va dehqonchilik bilan shug‘ullana boshlagan. Yosixide 1948 yilda o‘sha yerda dunyoga kelgan.

Uning otasi mehnatkash bo‘lib, qulupnay yetishtirish bilan shug‘ullangan, brend yaratib, doimiy xaridorlarga ega bo‘lgan va hatto mahalliy munitsipalitet deputatligiga ham saylangan. Ammo bo‘lajak bosh vazirning bolaligi va o‘smirligi oson kechmagan - yuqori sinflarda u har kuni 20 km uzoqlikdagi maktabga borib-kelishiga to‘g‘ri kelgan.

O‘qituvchi onasi uning pedagogika institutida o‘qishini, otasi esa qishloq xo‘jaligi institutiga kirishini istagan, biroq yosh Suga Tokio haqida orzu qilardi — u dehqonchilikdan, otasining qulupnaylaridan qutulishni istardi. Yosixide poytaxtdagi o‘qish uchun to‘lov eng arzon bo‘lgan universitetlardan biriga o‘qishga kirdi. Universitetga to‘lov uchun pulni esa karton qutilar tayyorlaydigan fabrikada, oshxonada ishlab, gazeta tarqatib topardi. 

 Siyosatchining shaxsiy kotibi

Universitetni siyosatshunos diplomi bilan bitirgach, u xususiy firmaga ishga kirdi, ammo tez orada hukmron partiya dunyosiga o‘tb ketdi. Suga siyosatchilardan birining kotibi bo‘ldi va 11 yil shu lavozimda ishladi. Yuqori doiralarda aloqalar o‘rnatishga erishgan Suga 1987 yilda o‘z siyosiy faoliyatini boshladi – Yokohama shahri qonunchilik yig‘ilishiga, 1996 yilda esa hukmron Liberal-demokratik partiyadan milliy parlamentga saylandi.  

 Ishonchli siyosatchi

2007 yilda bir yil faoliyat olib borgan Sindzo Abe hukumatida Suga vazir lavozimini egalladi. O‘sha yili Abe oshqozon yarasi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan va uning siyosiy faoliyati yakuniga yetgandek edi.

Ammo Suga uni o‘ziga ishonishga majbur qila oldi va 2012 yilgi saylovlarda hukmron partiya g‘alaba qozondi. Yosixide hukumat bosh kotibi lavozimini egalladi va hozir ham shu lavozimda. U bu lavozimda hammadan ko‘p ishlab kelgan siyosatchi hisoblanadi: Sindzo Abe vazirlarni almashtirgan, ammo Suga hamisha o‘z o‘rnida qolgan — bosh vazir unga cheksiz ishonch bildirib kelgan.

 Yoshiga nisbatan tetik

71 yoshni qoralagan bo‘lishiga qaramasdan, Suganing jismoniy holati a'lo darajada. U har kun ertalab beshda uyg‘onadi, 100 marta o‘tirib-turish mashqini bajaradi va piyoda 40 daqiqa yo‘l bosib uyidan bosh vazir qarorgohiga boradi. Uning iste'foga chiqayotgan Abe bilan umumiy o‘xshash jihati bor — Suga mutlaqo spirtli ichimlik iste'mol qilmaydi. Turmush o‘rtog‘i Mariko bilan taqdirini kotiblik vaqtida bog‘lagan bo‘lib, ularning uch nafar o‘g‘li bor.

Top