08:35 / 15.09.2020
4398

Bolalar milliy tibbiyot markazi faoliyati yo‘nalishlari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining 27.08.2020 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi Bolalar milliy tibbiyot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 523-son qarori qabul qilindi.

Qaror bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan diagnostika va davolash texnologiyalarini, shu jumladan raqamlashtirish imkoniyatlaridan foydalanilgan holda bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek hududiy tibbiyot muassasalari imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan, deb yozadi Norma.
 
Qarorda ta'kidlanishicha, Prezidentning 10.12.2013 yildagi «Koreya Respublikasi hamkorligida va iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasining moliyaviy hamkorlikdagi «Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tuzish» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-2082-son qaroriga muvofiq bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan 280 o‘rinli bino va inshootlar qurib bitkazildi.
 
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • pediatriyaning barcha yo‘nalishlarida diagnostika, davolash, profilaktika va reabilitatsiya bo‘yicha ixtisoslashtirilgan va yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish, shu jumladan neyroxirurgiya, kardioxirurgiya, otorinolaringologiya kabi sohalarni rivojlantirish;
  • respublika va hududiy tibbiyot muassasalari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari faoliyatini pediatriyaning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha muvofiqlashtirish, ixtisoslashtirish, shu jumladan yuqori texnologik diagnostika va davolash amaliyotlarini joriy etish;
  • pediatriyaning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha tibbiyot sohasidagi ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda tibbiyot kadrlarini tayyorlashda ishtirok etish;
  • bolalar kasalliklari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy izlanish hamda tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini keng joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • xorijiy ilmiy-tadqiqot tibbiyot markazlari, klinikalar va ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
  • tibbiy turizm sohasida tibbiy xizmatlar va yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash va mazkur xizmatlar eksporti hajmini oshirish.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan hududiy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari Markaz bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Bunda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari yuridik shaxs maqomini hamda amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qoladi.
 
Markaz viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, shuningdek tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari bolalar bo‘limi faoliyatiga uslubiy rahbarlikni ta'minlaydi.
 
Qarorga ilovada 2020-2022 yillarda bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan, unda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • bolalarga yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish;
  • telemeditsina va boshqa ilg‘or yuqori raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda, bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish;
  • bolalarga yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tibbiyot kadrlarini tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish hamda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash.

Hujjat 28.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid
Top