11:06 / 15.09.2020
25490
«Bu masala ko‘proq Rossiya tomoniga bog‘liq bo‘lib turibdi» – Transport vazirligi vakili Rossiyaga aviareyslar qachon tiklanishi haqida

Xorijiy aviaqatnovlar bo‘yicha hanuz savollar bisyor. Ko‘pchilik muntazam reyslar tiklanishini intiq kutib turibdi. Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov bilan navbatdagi suhbatimizda sohadagi yangiliklar to‘g‘risida fikr yuritdik.

– Aytingchi, xorijga parvozlarni to‘liq tiklash masalasi ayni paytda qaysi bosqichda?

– Mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat kelib chiqqan holda Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yil 15 avgustdan boshlab iqtisodiy va ijtimoiy sohalarning barqaror ishlashini ta'minlash, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida karantin cheklovlari yumshatilmoqda. Shu munosabat bilan ayrim faoliyat turlarini maxsus talablarga rioya etgan holda qayta tiklashga ruxsat etildi. Xususan, transport qatnovlari ham shular jumlasidandir. Hozirgi kunda yurtimiz bo‘ylab jamoat transporti, shaharlararo avtobuslar harakati tiklandi. Mahalliy yo‘nalishlarda poyezdlar va aviaqatnovlarni tiklash jarayonlari esa davom etmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda eng dolzarb va ko‘pchilikni qiziqtirayotgan masala xalqaro qatnovlarni tiklash bo‘yicha xorijiy mamlakatlarning tegishli vazirlik va idoralari bilan muzokaralar o‘tkazilib, qatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, 2020 yil 24 avgust kuni Turkiya aviatsiya ma'muriyatlari bilan xalqaro muntazam yo‘lovchi aviaqatnovlarini tiklash bo‘yicha onlayn-muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar yakuniga ko‘ra, «Uzbekistan Airways» va «Turkish Airlines» aviakompaniyalariga 2020 yil sentabr oyidan boshlab paritet tamoyili asosida Toshkent–Istanbul–Toshkent yo‘nalishida muntazam parvozlarni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Birlashgan Arab Amirliklari aviatsiya ma'muriyatlari bilan xalqaro muntazam yo‘lovchi aviaqatnovlarini tiklash bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralar natijasi o‘laroq «Uzbekistan Airways» va «FlyDubai» aviakompaniyalariga 2020 yil sentabr oyidan boshlab paritet tamoyili asosida Toshkent–Dubay–Toshkent yo‘nalishida muntazam parvozlarni bajarish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Belarus aviatsiya ma'muriyati bilan olib borilgan muzokaralar yakuniga ko‘ra esa «Uzbekistan Airways» va «Belavia» aviakompaniyalariga sentabr oyidan boshlab paritet tamoyili asosida Toshkent–Minsk–Toshkent yo‘nalishida muntazam parvozlarni bajarish huquqi berildi.

– To‘g‘ri, ma'lum davlatlarga aviareyslar tiklanyapti. Ammo ma'lumki bu yo‘nalishlar O‘zbekiston uchun asosiy yo‘nalishlar hisoblanmaydi. Ko‘pchilik ayniqsa Rossiya bo‘yicha yangilik kutmoqda.

– Qozog‘iston aviatsiya ma'muriyatlari olib borilgan muzokaralar yakuniga ko‘ra «Uzbekistan Airways» va «Air Astana» aviakompaniyalariga sentabr oyidan boshlab paritet tamoyili asosida Toshkent–Olmaota–Toshkent yo‘nalishida muntazam parvozlarni bajarishni boshlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.  

Transport vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda olib borilgan muzokaralar natijalari ko‘ra, bugungi kunda Toshkent–Istanbul–Toshkent, Toshkent–Dubay–Toshkent, Toshkent–Minsk–Toshkent, Toshkent–Olmaota–Toshkent yo‘nalishlarida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish jarayoni boshlandi. Ayni damda boshqa davlatlar bilan ham muntazam aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish masalasida muzokaralar olib borilmoqda.

Ko‘pchilik Rossiyaga qachon aviareyslar tiklanishiga qiziqishi tabiiy. Chunki bu eng tig‘iz yo‘nalish. Ammo bu yerda muammoning yechimi bizning xohishimiz yoki qarorlarimizga bog‘liq emas. Bu masala ko‘proq Rossiya tomoniga bog‘liq bo‘lib turibdi. Lekin oldin aytganimizdek muzokaralar davom etmoqda va xayrli yakundan umid qilib turibmiz.

– Charter reyslar bo‘yicha ham savollar bor. Repatratsion reyslar va turoperatorlar tashkillashtirayotgan reyslar o‘rtasida qanday farqlar bor?

– Hali muntazam aviaqatnovlar tiklanmagan yo‘nalishlarda xorijdagi mamlakatimiz fuqarolarini vatanga qaytarish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq charter repatriatsiya reyslari tashkil etilmoqda.

Bu amaliyot birinchi navbatda murakkab vaziyatga tushib qolgan va O‘zbekistonga qaytishga muhtoj fuqarolarimizni qaytarish maqsadida tasdiqlangan reja asosida amalga oshiriladi. Turoperatorlar tashkillashtiruvchi reyslar tijoriy reyslar bo‘lib, unda uyushtirayotgan kompaniya amaldagi xarajatlaridan kelib chiqib narx belgilaydi. Ammo bunday reyslarda ham chipta narxi aniq ko‘rsatilishi lozim.

– So‘nggi paytlarda ayrim guruhlar muntazam reyslar tiklanmasligidan manfaatdorligi haqidagi gaplar ko‘paydi. Buni qanday izohlaysiz?

– To‘g‘ri, so‘nggi vaqtlarda mavjud vaziyatdan bexabar bo‘lgan ayrim OAV tomonidan muntazam aviaqatnovlarning ayrim davlatlarga qayta yo‘lga qo‘yilgani, boshqa davlatlarga, xususan, Rossiya Federatsiyasiga esa ataylab qayta tiklanmayotgani, buning ortida esa ayrim manfaatdor guruhlar turgani to‘g‘risidagi asossiz xabarlar tarqatilmoqda. Bu esa o‘z navbatida ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti.

Bugungi kunda mamlakatimiz fuqarolari eng ko‘p to‘planib qolgan Rossiya Federatsiyasiga muntazam aviaqatnovlarni tiklash yuzasidan mamlakatning aviatsiya ma'muriyati va transport vazirligi bilan muzokaralar olib borilmoqda. Rossiya tomoniga muntazam yo‘lovchi parvozlarini qayta tiklash bo‘yicha yo‘nalish marshrutlari va parvozlar soni to‘g‘risidagi ma'lumotlar rasmiy ravishda taqdim etilgan. Ikki davlat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni tiklash masalasi hozirda mamlakat Operativ shtabi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan mazkur muzokaralar davomida O‘zbekiston fuqarolarini imkon qadar tezroq vatanga qaytarish maqsadida Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirilayotgan charter repatriatsiya reyslari sonini ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 9 sentabr kunidan e'tiboran Moskva–Toshkent yo‘nalishida kuniga ikki marta, Sankt-Peterburg–Toshkent yo‘nalishida esa kuniga bir martadan charter repatriatsiya reyslari bajarilmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 7 iyuldagi 33-son bayoniga muvofiq, karantin davrini mehmonxonalarda o‘tkazish sharti bilan turoperatorlar yoki aviakompaniyalarning murojaatiga asosan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni olib kelish bo‘yicha tijoriy charter qatnovlari ham amalga oshirilmoqda.

– Chiptalar narxlari bo‘yicha ham e'tirozlar talaygina. Umuman, eng asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha chiptalarning baholari haqida ma'lumot bera olasizmi?

– So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xorijdagi fuqarolarni O‘zbekistonga olib kelish maqsadida tashkil etilayotgan charter repatriatsiya reyslari chiptalari juda qimmat narxlarda sotilayotgani yuzasidan turli xabarlar tarqalmoqda. Mazkur masala tahlil qilinganida esa bu kabi xabarlarni qoldirayotgan fuqarolar aslida aynan turoperatorlar tomonidan amalga oshirilayotgan tijoriy charter qatnovlarining chipta narxlari xususida fikr bildirayotgani oydinlashmoqda.

Shu o‘rinda Transport vazirligi turoperatorlar va aviakompaniyalar tomonidan tashkil etilayotgan tijoriy charter qatnovlarining Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq tashkil etilayotgan charter repatriatsiya reyslarga aloqasi yo‘q ekanligini yana bir bor eslatib o‘tadi.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq «Uzbekistan airways» aviakompaniyasi tomonidan Rossiya Federatsiyasi shaharlariga amalga oshirilayotgan charter repatriatsiya reyslari chipta narxlari Moskva–Toshkent 396 AQSh dollari, Yekaterinburg–Toshkent 373 AQSh dollari, Qozon–Toshkent 369 AQSh dollari, Novosibirsk–Toshkent 368 AQSh dollari, Rostov–Toshkent 368 AQSh dollari, Samara–Toshkent 381 AQSh dollari miqdorida bir tomonga realizatsiya qilinmoqda. Mazkur charter repatriatsiya reyslari Rossiya tomonining talablaridan kelib chiqqan holda bir tomonga (Rossiya Federatsiyasiga) yo‘lovchilarsiz bajarilmoqda.

Turoperatorlar tomonidan bajarilayotgan tijoriy charter qatnovlari chipta narxlari haqiqatdan ham charter repatriatsiya reyslariga nisbatan qimmat. Mazkur tijoriy charter qatnovlari chipta narxlarining qimmatligi aynan qaysi omillar bilan bog‘liqligi yuzasidan bir necha bor ma'lumot berilgan.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top