14:54 / 15.09.2020
20582

Farg‘ona viloyat hokimligi Quva–Asaka yo‘li «mukammal ta'mirlanayotgani»ni aytdi. Aslida ham shundaymi?

Kun.uz va boshqa internet saytlari vodiy viloyatlarini o‘zaro bog‘lovchi avtomobil yo‘llarining ayrimlarida Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi bilan qatnov taqiqlangani, buning oqibatida odamlar sarson-sargardon bo‘layotgani xususida bir necha bor yozdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham bu masala keng muhokama qilindi.

Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati 7 sentyabrda e'lon qilgan bayonotda 4P-112 ichki avtomobil yo‘lida mukammal, ya'ni kapital ta'mirlash ishlari olib borilayotgani ta'kidlangan edi.

Bu bayonotdan avvalroq, 28 avgustda Farg‘ona viloyati, Quva tumani hokimligi «... kuchaytirilgan karantin davrida avtomobillarni hamda hududni dezinfeksiya qilish natijasida yo‘lning qatnov qismining 1 km masofada joylashgan avtomobil yo‘li yaroqsiz holga kelib qolgan. Hozirda mazkur avtomobil yo‘lini asfaltlash ishlari olib borilmoqda. O‘ylaymizki, tez kunlarda ta'mirlash ishlari yakunlanib, Quva–Asaka chegarasida joylashgan beton to‘siqlar olib tashlanadi», deya xabar joylagandi.

Aslida, Quva hokimligining vajiga odamning kulgisi qistaydi. Nega deganda, «avtomobillar hamda hududni dezinfeksiya qilish natijasida ... 1 km masofada joylashgan avtomobil yo‘li yaroqsiz holga kelib qolgani» ta'kidlanadi.

Kun.uz muxbiri vodiy viloyatlariga safari chog‘ida ayni shu yo‘llar orqali harakatlanib ko‘rdi.

Bugungi kunda Farg‘ona viloyatini Andijon viloyati bilan bog‘lovchi Quva–Asaka, Shahrixon–Quva yo‘li blokpost bilan berkitilgan bo‘lib, ikki viloyat aholisi uchun umuman teskari bo‘lgan Bo‘ston–Yozyovon chegarasi ochiq xolos.

Andijon viloyatining Marhamat tumanini Quva tumani bilan bog‘lovchi boshqa bir yo‘ldagi postdan faqat yuk avtomobillari o‘tmoqda. Qolganlar aylanma yo‘llar orqali yaqinini uzoq qilishga majbur.

Jumladan, Quva–Asaka yo‘lida ham mahalla oralab, post ortda qoldirilmoqda, kechki paytda bevosita postning o‘zida, piyodalar yo‘lagi orqali postdan o‘tib olishmoqda.

Axir kim ham shundoq yaqinginada turgan postga o‘tish uchun 150 km masofani bosib o‘tishni istaydi? Quva atrofidagi hududlardan Asaka orqali Andijonga borish uchun atigi 25–30 km.ni bosib o‘tish kifoya qiladi-ku.

Buni yanada aniqroq tasavvur qilish uchun xaritaga ko‘z yuritish kifoya. Marhamat yoki Asakadan Quvaga, yoxud Quvadan ushbu tumanlarga bormoqchi bo‘lgan aholi vakillari shaxsiy transport vositasida manziliga borishi uchun 15-20 km yo‘l bosish o‘rniga kamida 150 km masofani bosib o‘tishi kerak bo‘ladi.

Buning uchun Quvadan chiqqan haydovchi Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlari orqali Yozyovon yo‘liga chiqib, undan Andijonning Bo‘ston va Shahrixon tumanlari orqali salkam 360 darajada aylanishi talab etiladi.

Yuqoridagi ikki bayonotning biriga 18 kun, ikkinchisiga roppa-rosa bir hafta bo‘libdiki, bu yo‘lning «ta'miri» hali-veri poyoniga yetay demaydi. Chunki katta urg‘u berilgan Quva–Asaka yo‘lida hech qanday mukammal, ya'ni kapital ta'mirlash ishlari olib borilayotgani yo‘q.

Qolaversa, joriy ta'mirlash ishlari ham paysalga solingan holda o‘tkazilayotganiga aminmiz. Ya'ni yo‘lning 2 km qismining 15dan ortiq qismida kesilgan joylarga ko‘zimiz tushdi. Ammo, jiddiy kirishilsa, bir necha soatlik ish borligini mutaxassis bo‘lmagan kishi ham fahmlay oladi.

Chunki 2 kun oraliq bilan ushbu yo‘ldan kechasi va kunduzi o‘tgan bo‘lsak, ta'mirlash ishlari tirishqoqlik bilan emas, aksincha, qasddan paysalga solinayotgandek taassurot uyg‘otdi. Yo‘lsozlar esa, asfalt peshma-pesh kelib tursa, bir kunda ta'mirlash ishlari tugashini, biroq asfalti ko‘chirilgan joylarga qo‘lda asfalt to‘ldirish buyurilganini aytishdi.

Assalomu alaykum. Hormangizlar! Mana bu asfalt (ishlari) qachon bitar ekan?

Bilmadik, endi berganini qilyapmiz, sekin-sekin, kelganda. (Hamkasblariga yuzlanib) manovi katokni bosmadimi?

Bosib ketdi.

Nega titilib ketdi?

Ayrim joylarga asfalt yotqizilgan, ayrim joylar shunday qolib ketgan...

Kattasi “ukladka” qilinadi, asfalt yoyadigan, “zakaz”ga keladi-da. (Chunki), qo‘lda tekis qila olmaymiz-da. Kichkinasini qo‘lda qilinglar, dedi tepadan. Uni bir kunda bosib qo‘yadi, ukladchik (asfalt yotqizuvchi transport vositasi) kelsa, “kamaz-kamaz” (asfalt) kelib turadi. Yo‘lni to‘sadi taqa-taq.

Shuni birdaniga qilib, bitirsa bo‘lmasmikan?

Maydasini qilib turinglar deyapti-da kattalar... peshma-pesh kelib tursa, shunaqa bo‘ladi.

Demak, bir kunda tugatsa bo‘ladi, to‘g‘rimi?

Ukladchik kelsa, shunaqa bo‘ladi. Uyam boshqa joylarni asfalt qilyapti-da, bo‘shamayapti.

Videobayonotda kapital, mukammal ta'mirlash ketayotgani aytilgan yo‘lda ish mana shu ahvolda. Xullas, Quva–Asaka yo‘lidagi ta'mirlash qachon tugashi kimningdir kayfiyatiga bog‘liqqa o‘xshaydi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top