20:50 / 15.09.2020
25292

Navalniy qaytishni istamoqda. «Sharite»dan birinchi foto. So‘nggi ma'lumotlar

Rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy zaharlanganidan keyin ilk marta instagramdagi sahifasiga post qo‘ydi. New York Times nashrining yozishicha, u Rossiyaga qaytmoqchi. Kremldagilar siyosatchining sog‘ligidan xabar olib turishning iloji bo‘lmagani haqida ma'lum qildi. Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbari uni Rossiyada zaharlashmaganini ta'kidlamoqda.

Klinikadan birinchi foto
Alekseya Navalniyning instagramida u 20 avgust kuni komaga tushib, Berlindagi «Sharite» klinikasiga yotqizilganidan buyon ilk surati paydo bo‘ldi.

14 sentabr kuni Navalniy davolanayotgan Berlindagi «Sharite» klinikasi rossiyalik siyosatchining ahvoli yaxshilanib borayotgani, u sun'iy nafas oldirish apparatidan uzilgani haqida ma'lum qilgandi. Shifokorlar u qisqa muddatga o‘rnidan tura olayotganini xabar qilishgan. Bundan tashqari, bu Navalniy o‘zining holati haqidagi ma'lumotlarni ommaga yetkazishga shaxsan o‘zi ruxsat bergan ilk holat bo‘ldi (bunga qadar bunday ma'lumotlar rafiqasi Yuliya ruxsati bilan e'lon qilib borilayotgandi).

«Salom, bu Navalniy. Sizlarni sog‘indim. Men hali ham deyarli hech narsa qilolmayapman, lekin kecha kun davomida o‘zim nafas oldim. Butunlay o‘zim. Hech qanday qo‘shimcha yordamsiz, hatto tomog‘imga o‘rnatilgan moslamadan ham foydalanmadim. Juda yoqdi. Ajoyib, ko‘pchilik yetarlicha baho bermagan jarayon. Tavsiya etaman», deb yozgan u postida.

Unga ilova qilingan suratda Navalniy kasalxona koykasida o‘tirgani, yonida rafiqasi Yuliya, qizi Darya va o‘g‘li Zaxar aks etgan.

Dushanba kuni Germaniya hukumati Navalniyning organizmida «Novichok» guruhiga mansub zahar izlari topilganini Fransiya va Shvetsiyadagi laboratoriyalar ham tasdiqlaganini ma'lum qilgandi. Nemislar hukumati yana bir bor Rossiyani muxolifatchi bilan nima bo‘lganini izohlashga chaqirdi.

Berlindagi BBC Russian muxbiri xabar qilishicha siyosatchi davolanayotgan «Sharite» klinikasi qattiq qo‘riqlov ostida. Bu yerda  doimiy ravishda politsiya avtobusi navbatchilik qilmoqda.

Binoga kirishda - to‘liq qurollangan politsiyachilar qo‘riqchilik qilmoqda, shuningdek, qo‘riqchilarning aksar qismi rang qaytaruvchi jiletlar kiyishgan.

NYT: Navalniy Rossiyaga qaytmoqchi
Navalniy Germaniyada qolmasligi va Rossiyadagi missiyasini davom ettirishini bildirgan. Bu haqda New York Times nashri Germaniya xavfsizlik xizmati organlaridagi manbasiga asoslanib xabar tarqatdi.

«U o‘z holatini, u bilan nima ro‘y bergani va hozir qayerdaligini to‘liq anglamoqda. U Germaniyada qolmoqchi emas. U o‘z missiyasini davom ettirish uchun Rossiyaga qaytmoqchi», degan NYT suhbatdoshi.

Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish bu ma'lumotni tasdiqlagan.

Gazeta ma'lumotiga ko‘ra, Navalniy Germaniya prokuraturasi vakillari bilan uchrashgan. Muloqot chog‘ida u Rossiyaga qaytish istagini bildirib, Rossiya hukumatining ishni birgalikda tekshirish bo‘yicha taklifini rad etgan.

Germaniya tomoni Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq sanksiyalarning turli variantlarini ko‘rib chiqmoqda, jumladan, alohida shaxslarning mamlakatga kirishi taqiqlanib, ularning bank aktivlari muzlatilishi mumkin. Berlin bu borada Yevroittifoq davlatlarining qo‘llab-quvvatloviga umid qilmoqda.

Kreml: Putin Navalniy bilan uchrashmaydi
Kremldagilar Navalniyning Rossiyaga qaytishidan xursand bo‘lishadi, ammo na Putin, na prezident ma'muriyati xodimlaridan kimdir u bilan uchrashishni rejalashtirgan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov New York Times maqolasini shunday sharhladi.

«Agar berlinlik shifokorlar uning sog‘ligidagi barcha salbiy oqibatlarni bartaraf etishgan bo‘lsa, albatta, barcha xursand bo‘ladi», degan Peskov.

U Kreml Navalniyning holatidan doimiy ravishda xabardor bo‘lib turdimi deya berilgan savolga rad javobini bergan.

«Yo‘q, afsuski, biz Navalniyning sog‘ligidagi o‘zgarishlarni kuzatib turish imkoniga ega bo‘lmadik. Bizda buning hech qanaqa imkoni bo‘lmadi», degan Peskov.

Shu o‘rinda u Navalniy Rossiyaga qaytgach, Putin bilan yoki Kreml vakillari bilan uchrashishi ehtimoli haqidagi savolga javob bergan.

«Biz bunday uchrashuvga sabab va zarurat ko‘rmayapmiz, shuning uchun, bunday uchrashuv bo‘lmaydi», degan u.

Navalniy shifoxonaga yotqizilganidan buyon Peskov ilk marta uni familiyasi bo‘yicha atadi - o‘tgan vaqt davomida uni «Berlindagi bemor» va «Rossiya fuqarosi» deb atab kelayotgandi.

Narishkin: Navalniy Rossiyadan zaharlanmagan holda uchgan
Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin mamlakatdagi barcha «Novichok» zaxiralari yo‘q qilinganini ma'lum qildi. U shuningdek, Navalniy mamlakatdan ketayotganida uning organizmida zaharlovchi moddalar bo‘lmaganini ta'kidladi.

«Fakt shundaki, Aleksey Navalniy RF hududidan uchib ketayotganida, uning organizmida qandaydir zaharlovchi moddalar mavjud bo‘lmagan. Shu tufayli, albatta bizda nemislar tomoniga ko‘plab savollar bor», deya Narishkinning so‘zlarini keltirgan TASS agentligi.

  • Germaniyadagi Der Spiegel nashri o‘z manbalariga asoslanib, Germaniya xavfsizlik xizmati xodimlari fikricha, Navalniyning zaharlanishi ortida Rossiya maxsus xizmatlari turgan bo‘lishi mumkinligi, bunday modda faqat ularda borligi haqida xabar tarqatgandi. Kremldagilar buni Rossiyaga qarshi asossiz ayblov deb atashgan.

Avvalroq Germaniya laboratoriyasi xulosalari Fransiya va Shvetsiyada ham tasdiqlangani ma'lum bo‘lgandi. Fransuzlar prezidenti Emannuel Makron Vladimir Putin bilan telefon muloqotida bu masalada so‘z ochib, Navalniyga jangovar zaharlovchi modda qo‘llangani haqida aytgan va bu holatga izoh talab qilgandi.

Top