08:47 / 15.09.2020
2380
LG buriluvchi mexanizmga ega ikki ekranli smartfon taqdim etdi

Janubiy Koreyaning LG kompaniyasi ikkita displeyli antiqa smartfon Wing’ni taqdim etdi. E'tiborlisi, displeylardan biri ikkinchisiga nisbatan buriladi.  

LG Wing tashqi tomondan oddiy smartfondan farq qilmaydi, biroq uning asosiy 6,8-dyuymli OLED-ekrani buriluvchi mexanizm bilan jihozlangan bo‘lib, uning ostida 3,9-dyuymli ekranga ega yana bitta displey joylashgan. Ikkinchi displeyni qo‘shimcha vazifalar uchun qo‘llashga ehtiyoj tug‘ilganda, asosiy ekranni 90 darajaga burib undan foydalanish mumkin. Shu tariqa smartfon egalari asosiy ekranda suratlarni ko‘rishlari mumkin bo‘ladi, bu vaqtda ikkinchi kichik displeyda suratlarni tahrir qilish uskunalari aks etadi. Smartfonning yana bir qiziq jihati, ikki ekranli tizim bir vaqtning o‘zida ham asosiy, ham old kamera bilan tasvirga olish imkonini beradi. 

Smartfonning antiqa tuzilishi uning o‘lchamlariga uncha ta'sir ko‘rsatmagan – gadjet zamonaviy bir ekranli smartfonlardan biroz qalinroq va og‘irroq chiqqan. Kompaniyada ta'kidlanishicha, ekranning burish mexanizmi 200 ming martagacha burishga dosh bera oladi. 

Qolgan jihatlar bo‘yicha smartfon zamonaviy smartfonlar uchun xos standart ko‘rsatkichlarga ega. Qurilma 5G tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlovchi Qualcomm Snapdragon 765G protsessorida ishlaydi, 8 Gb tezkor va 256 Gb ichki xotira bilan jihozlangan. Qurilma batareyasi sig‘imi 4000 mA-soatni tashkil qiladi, korpusi esa chang va namdan himoyaga ega. Smartfonning asosiy kamerasi 64 Mpli bosh modul, 13 Mpli o‘ta keng burchakli modul va burilgan ekran holatida tasvirga olish uchun 12 Mpli o‘ta keng burchakli modulga ega. Bundan tashqari, gadjet 32 Mpli surilib chiquvchi old kameraga ega.    

Ma'lum qilinishicha, LG Wing dastlab AQShda sotuvga chiqariladi, biroq u qachon va qanday narx bilan savdoga chiqarilishi hozircha ochiqlanmagan.  

Ta'kidlash joiz, LG tarixida bungacha buriluvchi ekranli telefonlar bo‘lgan: 10 yilcha avval kompaniya bunday mexanizmga ega bir nechta qurilmalar ishlab chiqqan. Ammo ularning ekrani ostida ikkinchi displey emas, balki klaviatura joylashgan bo‘lgan.

Top