13:44 / 15.09.2020
3048
Toshkent viloyati hududida «Damas»lar qatnovi tiklandi

Toshkent viloyati maxsus komissiyasining topshirig‘iga muvofiq, 2020 yilning 15 sentyabridan boshlab Toshkent viloyati hududida yo‘nalishli taksi yo‘nalishlarida “Damas” rusumli yengil avtomobillar qatnovini qayta tiklashga ruxsat berildi.

Toshkent viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, bunda bir qator sanitariya va me'yoriy hujjatlarga rioya etilishi talab etiladi.

Ular:

har qatnovga chiqishdan oldin haydovchi va chiptachilarning tana harorati pirometrlarda o‘lchanib, 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan holatda ularning transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘ymaslik;

haydovchilarning tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lishini hamda transport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo‘lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan to‘silgan holda bo‘lishini ta'minlash;

yo‘lovchilarning tibbiy niqobda bo‘lishini nazorat qilish, tibbiy niqobi bo‘lmagan holatda ularning transportga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik;

transport vositasini doimiy ravishda har qatnovga chiqishdan oldin to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkazish;

sanitar ishlov berilmagan, texnik ko‘rikdan o‘tmagan, texnik nosoz transport vositasini ishga chiqarilishini qat'iyan taqiqlash.

Shuningdek, tashishlarni pandemiya sharoitida karantin va harakat xavfsizligi, yo‘lovchilar tashish qoidalariga qat'iy rioya etgan holda amalga oshirish yuzasidan yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotgan korxonalar mas'ul xodimlari tomonidan yo‘riqnomalar o‘tkazib borilishi talab etiladi.

Bunda har bir transport vositalari litsenziya varaqalari bilan to‘liq ta'minlangan bo‘lishi shart.

Toshkent viloyati transport boshqarmasi “Damas” avtotransport vositalarida yo‘lovchi tashuvchi korxonalar haydovchilari tomonidan harakat jadvaliga rioya etmaslik, yo‘nalish sxemasiga amal qilmaslik, karantin qoidalariga rioya etmaslik holatlari aniqlangan hollarda, korxona rahbari va ularning haydovchilariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirgan.

Top