10:42 / 15.09.2020
1194
Toshkentda Bolalar kutubxonasi binosini rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi

Rejalashtirilgan rekonstruksiya ishlari ichki elementlar intereriga va joylashuviga minimal darajada ta'sir qiladi.

Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi Respublika bolalar kutubxonasi binosini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tasdiqlangan loyihani taqdim etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar bermoqda.

XIX asrda qurilgan mazkur binoning yangilanishi va unda yangi ta'lim va madaniyat muassasasining tashkil etilishi Jamg‘armaning O‘zbekistonda metsenatlik faoliyatini rivojlantirishdagi sa'y-harakatlari bilan amalga oshirildi. Madaniy meros obektlarini saqlash, muhofaza qilish va ulardan foydalanishda metsenatlarni jalb qilish O‘zbekiston Respublikasining "Metsenatlik to‘g‘risida"gi Qonunida nazarda tutilgan.

Loyiha Ludi Architecs (Sankt-Peterburg) arxitektura byurosi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u kutubxonalar va kitob fondlari bilan ishlashga ixtisoslashgan. Me'morlarning fikriga ko‘ra, rejalashtirilgan rekonstruksiya ishlari ichki elementlar intereriga va joylashuviga minimal darajada ta'sir qiladi. Shu bilan birga, kutubxonada 0 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolajonlar uchun kovorking maydoni, laboratoriyalar, ma'ruzalar va mahorat darslari uchun ko‘chma zal tashkil etiladi.

Loyiha bo‘yicha bolalar kutubxonasi texnologlari ham ish olib bormoqda, ular muassasaning tuzilishini jahon standartlariga javob beradigan darajaga olib chiqishda o‘z yordamlarini beradi. Ular kitob fondi ishlarini tashkil qilish, nazorat qilish va nashrlarni izlash tizimini yo‘lga qo‘yishadi, bunday nashrlardan 200 ming nusxasi mavjud bo‘lib, bu mintaqadagi bolalar kitoblarining eng yirik to‘plamidir. 

Bundan tashqari, kutubxona barcha inklyuziv talablarga javob beradigan qulayliklarga ega bo‘lishi rejalashtirilgan.

Top