01:14 / 16.09.2020
18717

Apple'ning kuzgi taqdimoti ilk marta yangi iPhone'siz o‘tdi. Asosiy yangiliklar

Foto: Apple

Apple kompaniyasi Kaliforniyaning Kupertino shahrida joylashgan Stiv Jobs nomidagi teatrda yangi mahsulotlari taqdimotini o‘tkazdi. Pandemiya sababli mehmonlarsiz o‘tgan tadbir onlayn tarzda kompaniya rasmiy saytida namoyish etib borildi.

Bu galgi taqdimotning avvalgilaridan farqi – bu safar Apple ilk marta kuzgi taqdimotida yangi iPhone'ni namoyish etmadi. Kompaniya rahbari Tim Kuk buni jamoa Apple Watch soati va iPad'ga ko‘proq diqqat qaratgani bilan izohladi.

Ammo qator tahlilchilar iPhone 12 oktabr oyida ommaga taqdim etilishi mumkinligini aytmoqda.

15 sentyabrdagi taqdimotda esa asosiy urg‘u Apple aqlli soatlarining 6-avlodiga qaratildi.

Apple Watch Series 6$399

Aqlli soatga iPhone 11 protsessori o‘rnatilgan. Displeyi avvalgi versiyadan ko‘ra biroz kattaroq. Suvga chidamli.

Qurilma o‘z egasini COVID-19'dan himoyalashga harakat qiladi: foydalanuvchi qo‘lini qanchalik tez-tez yuvayotganini kuzatib boradi, qo‘lni yuvish jarayoni necha soniya davom etayotganini hisoblaydi.

Apple'ning 6-seriyadagi soatlari orqali qondagi kislorod miqdorini o‘lchab turish ham mumkin. Buning uchun 15 soniya kifoya.

Shuningdek, qurilma orqali qonni kislorodga to‘yintirishning yurak va o‘pka kasalliklariga qarshi kurashdagi ta'siriga bag‘ishlangan tadqiqotlarda ishtirok etish mumkin.

Yangi mahsulotni bugundanoq buyurtma qilish mumkin. Soatlar qutisida endi USB-quvvatlash qurilmasi bo‘lmaydi.

Apple Watch SE — $279

Aqlli soatlarning arzonroq varianti sifatida taqdim etildi.

Taqdimotda aytilishicha, yangi soat Apple Watch'ning barcha asosiy funksiyalariga ega.

iPad 8$329

Yangi qurilma A12 chipi bilan jihozlangan. Ma'lum qilinishicha, bu chip bilan yangi devays Windows'da ishlovchi noutbuklardan 2 barobar, Android planshetlaridan 3 barobar, Chromebook'dan esa 6 barobar tezroq ishlaydi.

iPad 8 quvvati 10 soatga yetadi, aqlli klaviaturaga ega, displeyga chizilgan surat va yozuvlarni tanib olish funksiyasiga ega iPadOS 14 bilan qurollangan.

iPad Air$599

11 dyum displeyga ega planshetlarning yangi seriyasi. Old tomoni – to‘liq ekran. Touch ID funksiyasi qurilmani yoqish tugmasiga o‘tkazilgan.

iPad Air 5 xil rangda, 599 dollardan sotuvga chiqariladi.

Kompaniya o‘z taqdimotida Apple One (barcha ilovalar Apple One'ga birlashtiriladi), Apple Fitness+ (aqlli soatlar uchun fitnes-servis), monobraslet kabi yangi mahsulotlarini ham namoyish etdi.

Apple One
iPadOS 14

Barcha yangi mahsulotlar sotuvi kompaniya rasmiy saytida 18 sentyabrdan boshlanadi.

Top