20:21 / 16.09.2020
5647

«Mehnat migratsiyasi – bu eksport» - vazirlik vakili muhojirlarga til va kasb o‘rgatishning muhimligi haqida

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi sho‘'ba boshlig‘i Odiljon Komiljonov migrantlarga til va hunar o‘rgatib xorijga yuborishning zarurati haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Odiljon Komiljonov

Vazirlik vakilining ta'kidlashicha, migratsiya ham eksportning bir turi. Bu sohaning mamlakat uchun iqtisodiy foydasi katta.

«Har yili O‘zbekistonda 700–750 mingta yoshlar o‘rta ta'lim muassasalarini tugatishadi. Ularning 300 mingtasi universitet va texnikumlarga o‘qishga kiradi. Mamlakat iqtisodi esa yiliga 300–350 mingta yangi ish o‘rni yaratadi. Tafovut taxminan 150–200 mingta fuqaro degani.

Chunki bizda demografik o‘sish juda yuqori. Biz buni demografik divident deb hisoblaymiz. Ko‘pchilik fuqarolarimiz nimaga Rossiyaga ketyapti? Chunki ularda aholi soni kamayib, ishchi kuchi yetmayapti. O‘zbekistonda buning teskarisi. Bundan foydalana bilishimiz kerak.

Iqtisodiyotimizda eksportni ko‘paytirishimiz kerak, deb davlatimiz mustaqil bo‘lganidan beri aytiladi. Bu narsani shunday tushunish kerak, migratsiya degani fuqarolarni bir yoqqa chiqarib yuborish emas, migratsiya – bu eksport. Ishchi kuchi eksporti. Butun dunyoda bu narsa bor. Bu ham bizning iqtisodimizning eksport salohiyatini ko‘taradi.

Bizning hozirgi maqsadimiz – ishchi kuchi eksporti salohiyatini oshirish uchun migrantlarning aqliy va ishchanlik sifatini ko‘tarishdan iborat», – dedi Odiljon Komiljonov 16 sentyabrdagi matbuot anjumanida.

Vazirlik keltirgan raqamlarga ko‘ra, ayni paytda Rossiya Federatsiyasida 1,5 mln.dan ortiq, Qozog‘istonda 200 ming, Koreyada 70 ming o‘zbek migranti mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

Boshqa mamlakatlardagi vatandoshlar bilan hisoblanganda, jami 2 mln.dan ko‘p o‘zbekistonlik migrant xorijda ekani ma'lum qilindi.

Mavzuga oid
Top