16:22 / 16.09.2020
11507
Migrantlarga patent O‘zbekistonda berilishiga Rossiya hali rozi bo‘lmayapti - agentlik

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Davlatnazar Matrasulov Rossiyaga ishlashga boruvchilar uchun O‘zbekistonda patent berish masalasida gapirdi.

«Patent olish ya'ni uni tayyorlash, rasmiylashtirish va berish masalasida Rossiya Federatsiyasi bilan 3ta xalqaro shartnomamiz mavjud. Rossiyalik mas'ullar O‘zbekistonga kelib, shu yerda patent berishni zimmasiga olishgandi. Biroq, bu hali qonuniylashtirilmagan. Shu masala bo‘yicha ishni tezlashtirish va o‘zaro muzokara o‘tkazish uchun bir guruh rahbarlar Rossiyaga jo‘nab ketishgan.

Bilamizki, Rossiyaga ishlashga chiqib ketgan migrantlar patent olishi uchun 20-30 kungacha vaqt talab qilinadi. Patent beradigan markazga murojaat qiladi, ariza, pasport tarjimasi, tibbiy ko‘rik hujjatlari topshiradi. Bir hafta tilga o‘qiydi, to‘lovlari bor va oxirgi bosqichda ichki ishlar boshqarmasidan tegishli ro‘yxatdan o‘tgandan keyingina patent beriladi.

U yerga borganidan keyin patent olmasa, ish beruvchi uni ishga qabul qilishga haqqi yo‘q. Fuqaromiz esa darrov ishlay olmaydi. 20-30 kun davomida ishsiz o‘tirishi, boqimonda bo‘lishi kerak yoki noqonuniy ishlab «deport» bo‘lib ortiga qaytib kelishi ham mumkin.

Buning oldini olish uchun endilikda shu yerning o‘zida to‘lanadigan mablag‘lari, sug‘urta, chipta, ariza va tilga o‘qitish masalalari hal qilib beriladi.

Faqatgina ikkita jarayonga biz aralasha olmayapmiz. Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar rahbariyati bunga ruxsat bergani yo‘q. Ular migrantlar patentni bu yerga keganidan keyin oladi, degan shartni qo‘ygan. Hozirda boshqa barcha xizmatlarni O‘zbekistonda qilish imkoni yaratildi. Agar Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar boshqarmasi bilan kelishuvga erishsak, patentni shu yerning o‘zida beradigan qilamiz», dedi  Davlatnazar Matrasulov prezidentning «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Ma'lum qilinishicha, ayni paytda Rossiyada 1,5 milliondan ortiq o‘zbeklar mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadi. Har yili O‘zbekistonda mehnatga layoqatli aholining 100-150 ming nafari ish yetishmasligidan xorijga ishlash uchun ketishga majbur bo‘ladi. Ammo patent va viza olish masalasi hamon murakkabligicha qolmoqda.

 

Top