11:29 / 16.09.2020
4956
Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxslar faoliyati fosh etildi

Qator holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahar bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Bu haqda mahkama xabarida aytiladi.

Tadbir davomida, Oltinko‘l tumani ixtisoslashtirilgan maktab internati jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi G‘.D. OTMlarga bo‘layotgan imtihon jarayonlarida abituriyentlarning ishonchiga kirib, ularni o‘qishga kiritib qo‘yishga ishontirish orqali daromad orttirib qolish maqsadida, fuqaro G.M.ni Andijon davlat universitetining “Jismoniy tarbiya va sport” fakultetiga universitet rahbariyati orqali o‘qishga kiritib qo‘yishga ishontirib, evaziga undan 4 300 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Buvayda tuman bo‘limi DXX va IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, tumandagi umumta'lim maktabi yoshlar yetakchisi I.M. fuqaro M.B. bilan oldindan til biriktirib, fuqaro A.ning qizini tanishlari orqali Namangan davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 2 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlanganlar.

Departamentning Uychi tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, Namangan Davlat Universiteti o‘qituvchisi A.S., fuqaro R.ni universitetning “Pedagogika va psixologiya” yo‘nalishi bo‘yicha tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 1 800 AQSh dollari berishni talab qilib, oldindan “Bo‘nak” sifatida 800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va IIV tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro G.M. firibgarlik yo‘li bilan daromad orttirish maqsadida fuqaro T.A.ning ishonchiga kirib, uning singlisi G.X.ni Qoraqalpoq meditsina institutiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 3 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top