18:05 / 16.09.2020
7069
O‘zbekistonda 3,7 million abonent elektr hisoblashning avtomatlashtirilgan tizimiga o‘tkazildi: bu tizimda inson omili aralashmaydi

Elektr energiyani hisoblashning avtomatlashtirilgan tizimi orqali elektr ta'minotidagi ko‘plab muammolarga barham berish ko‘zda tutilgan. Jumladan, mazkur tizimni boshqarishda inson omili keskin kamayadi, elektr energiyani hisoblashda esa bu omil mutlaqo bo‘lmaydi. Umuman, mazkur tizim sohadagi xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Bugungi kunda Buxoro viloyatidagi elektr energiyasi iste'molchilari to‘liq yangi tizimga o‘tib bo‘ldi. Shu munosabat bilan viloyatda tizimdagi jarayonni ko‘zdan kechirish, dastlabki natijalar bilan tanishish maqsadida Buxoroda bo‘ldik.

Respublika «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi:

«Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2018 yil 23 oktyabrdagi «Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga hamda 2019 yil 9 iyuldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida o‘zaro hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5761 sonli farmoniga asosan amalga oshirilmoqda. 2021 yilning dastlabki yarmiga qadar respublika bo‘yicha 7,4 milliondan ortiq iste'molchilar barchasi elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanishi belgilangan.

Bugungacha mamlakat bo‘ylab jami iste'molchilarning yarmi yangi tizimga ulangan. Ya'ni respublika bo‘yicha 70 dan ortiq tuman va shaharlarda 3,7 million abonentga ASKUE tizimi orqali elektr ta'minoti xizmati ko‘rsatilmoqda.

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, yangi tizimda elektr ta'minoti va qarzdorlik bilan bog‘liq murojaatlar soni 15 baravarga qisqardi. Buning sababi, yangi tizimda debitor qarzdorlikning o‘zi bo‘lmaydi, iste'molchi hisobida mablag‘ qolmasa aqlli hisoblagich avtomatik tarzda o‘zi tarmoqdan uziladi. Qachonki iste'molchi to‘lovni amalga oshirsa yana ishga tushadi. Natijada sohada debitor qarzdorlik keskin kamaygani kuzatildi. Hisob-kitobning avtomat tarzda aniq amalga oshirilishi ham turli tushunmovchilik va e'tirozlarga barham bermoqda», deydi Jahongir Obidjonov.  

Siz ko‘rib turgan suratda Buxoro viloyatining barcha hududidagi energiya ta'minoti holatini kuzatib turish mumkin.

Xuddi shu uskunalar yordamida elektr iste'moli avtomatik tarzda hisoblab boriladi.

Umuman, yangi tizimda hisoblagichlar 20 dan ortiq funksiyalarni amalga oshira oladi. Ma'lumotlarni soxtalashtirishning esa imkoni yo‘q. Hisoblagichga tashqi ta'sir o‘tkazilsa, u darhol o‘chadi va tizimga xabar jo‘natadi. Yuqoridagi markaziy bazadan turib hattoki qayerda noqonuniy ulanish sodir etilayotganini aniqlash mumkin. Chunki shunday holat yuz bersa avtomatik tarzda bazaga xabar keladi. Uning yana bir qulayligi, mobil banking va boshqa to‘lov xizmatlaridan foydalanish mumkin.

«Avtomatlashtirilgan tizimning eng muhim jihatlaridan biri — bunda inson omili ishtirok etmaydi. Shu sababdan tasodifiy xatoliklar yuz berishi mumkin emas. Iste'molchining hisobida mablag‘ tugadimi, avtomatik ravishda uziladi. Yana bir eng qulay tomonlaridan biri, mana shu markaziy binodan turib qayerda avariya sodir bo‘lganini kuzatish mumkin. O‘sha vaqtning o‘zida signal yetib keladi va avariya guruhi voqea joyiga yetib borib muammoni bartaraf etadi» deydi Buxoro viloyat elektr tarmoqlari korxonasi ASKUE yetakchi muhandisi Baxtiyor Qodirov.

Yangi tizimning ish jarayoni bilan yaqindan tanishish maqsadida Buxoroning chekka tumanlaridan biri Qorako‘lda bo‘ldik.

Tumandagi «Said Med Sino» xususiy diagnostika davolash maskani rahbari, tadbirkor Mardon Haydarovning aytishicha, yangi tizim o‘rnatilgach,  elektr sifati me'yoriy holatga kelgan. Hisoblagichda mablag‘ tugashidan bir-ikki kun oldin, tadbirkorning qo‘l telefoniga bu haqda xabar keladi va oldindan yana to‘lov amalga oshiriladi.

Iste'molchilardan biri Bozor Ramazonov esa ilgari aholi uchun eng qiyini elektr sarfi uchun mablag‘ni to‘lash va ayniqsa aniq qarz miqdorini bilish bo‘lganini aytdi. Endi esa mablag‘  telefon orqali uyda o‘tirib ham to‘lab qo‘yiladi. Hisob-kitobda chalkashlik yo‘q.

Tumanda 36 ming nafar iste'molchilarning barchasi ASKUE tizimiga ulangan. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Shukurovning bildirishicha esa, tuman ETKda iste'molchilar uchun elektr energiyasi sarfi bilan bog‘liq har qanday ma'lumotlar shaffof tarzda ko‘rsatib beradi. Bu ASKUE tizimining imkoniyatlaridan biri. Mana shu shaffof tizim har qanday nizo va tushunmovchiliklarning oldini oladi. Qarzdorlik muammosi bu tizimda bo‘lmaydi. Eng muhim yana bir jihatlardan biri ilgari debitor qarzi ko‘payib ketgan xonadon uchun butun ko‘cha yoki mahalla tarmoqdan uzilishi mumkin bo‘lsa, hozir faqat individual tarzda tarmoqdan uziladi. Buni uskunalarning o‘zi amalga oshiradi.

Yangi tizim debitor qarzdorlikka butunlay barham berish, elektr energiyasi ta'minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, energiya yo‘qolishini keskin qisqartirish va undan noqonuniy foydalanishning oldini olish imkonini beradi.

Top