09:14 / 16.09.2020
2948
Qonunchilik palatasida bosh vazir o‘rinbosarining parlament so‘roviga javobi ko‘rib chiqildi

2020 yil 15 sentabr kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasida kambag‘allik darajasini aniqlash mezonlari, ijtimoiy ta'minotning minimal standartlari va me'yoriy asoslarini ishlab chiqish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ustuvor vazifalar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan yuborilgan Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning javobi atroflicha ko‘rib chiqildi.   

Parlament so‘roviga javobda qayd etilganidek, kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Jumladan, prezidentning 2020 yil 26 martdagi farmoniga muvofiq, kambag‘allik va aholining turmush darajasini aks ettiruvchi vosita sifatida mahalla pasportlari ishlab chiqilgan. Mamlakat rahbarining Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlariga tashriflari davomida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha bergan topshiriqlari asosida hududlarda Ishlar-rejasi tasdiqlanib, ularni ijro etish ishlari boshlab yuborildi.

Andijon viloyati Paxtaobod tumani Bo‘stonobod qishlog‘i hamda Qo‘rg‘ontepa tumani “Yangi hayot” mahallasi uchun ishlab chiqilgan dastlabki rejaga muvofiq, qishloq hududlariga zarur muhandislik kommunikatsiyalari tortilib, ko‘p qavatli uylar qurilmoqda. Mazkur uylar, avvalo, bir uyda ko‘pchilik bo‘lib yashayotgan oilalar, shuningdek, aholining muhtoj qatlamiga berilib, bu borada “Andijon tajribasi” sinovdan o‘tkazilyapti.

Namangan viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, kam ta'minlangan oilalar bandligini ta'minlash orqali doimiy daromad manbalariga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish maqsadida “Bir joyda — ming oila issiqxonasi” loyihasi ro‘yobga chiqarilmoqda. Ushbu loyiha orqali Namangan tumanida 38 ming xonadonning 1,5 ming gektar ekin maydonlarida issiqxonalar tashkil etish uchun 50 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Hozirda mazkur loyiha doirasida Chortoq tumanidagi 800 ta kambag‘al oilalar a'zolarining bandligi ta'minlangan.

Prezident rahbarligida 2020 yil 20 aprelda o‘tkazilgan majlis ijrosi asnosida vazirlik va idoralar bilan birga hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari qarori bilan “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalar ro‘yxatlari ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, ayni paytda sektor rahbarlari va a'zolari tomonidan “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarning bandligini ta'minlash hamda daromad manbayini yaratish choralari ko‘rilmoqda.

Joriy yilning 1 avgust holatiga ko‘ra “Temir daftar”ga kiritilgan 472,1 ming nafar mehnatga layoqatli ishsizlarning 369,0 ming nafari yoki 78 foizining bandligini ta'minlashga erishildi.

Qonunchilik palatasi deputatlik korpusi tomonidan ayni shu yo‘nalishda olib borilgan o‘rganishlar, tahlillar bu borada qator kamchiliklar kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.

Parlament so‘roviga javobda qayd etilishicha, haqiqatan ham mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarda ayrim omillar tufayli bir qator noaniqliklar yuzaga kelmoqda.

“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hududiy bo‘linmalari hisobvaraqlariga kelib tushayotgan mablag‘lar tumanlar kesimida sezilarli darajada farq qilmoqda. Misol uchun, deputatlar o‘rganishlarida ayon bo‘lganidek, Xorazm viloyatining Xiva, Yangiariq tumanlari va Xiva shahri hisobvaraqlariga boshqa joylarga nisbatan bir necha barobar kam mablag‘lar kelib tushishi natijasida ijtimoiy-iqtisodiy holati bir xil bo‘lgan oilalarga turli darajadagi ko‘mak, yordamlar ko‘rsatilgan. Aniqlangan ana shunday nomutanosibliklarni bartaraf etish maqsadida aynan shu hududlarda 5,5 ming oilaning 23 ming a'zolari “Temir daftar”ga yangidan kiritilishi belgilanmoqda.

Vazir javobida, shuningdek, davlat rahbarining shu yil 30 iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida bir qator ezgu tashabbuslar ro‘yobga chiqarilishiga urg‘u berildi. Ana shulardan biri —   ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar sonini 600 ming nafarga oshirish orqali dekabr oyiga kelib 1,2 millionga yetkazilishidir. Bu esa respublikadagi jami oilalarning qariyb 14 foizini tashkil qiladi. Ushbu maqsadlarga joriy yilda 426 mlrd. so‘m qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirish belgilangan.

Tijorat banklari tomonidan pandemiya davrida tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash va shu orqali kambag‘allikni qisqartirish loyihalarini moliyalashtirish va kreditlash tadbirlari ham amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilligida qarzdorlarning kredit to‘lovlari bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish maqsadida moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan 2,1 mln. nafar mijozlarning jami 25,2 trln. so‘mlik kredit to‘lovlari muddatlari uzaytirildi.

Vazirlik tomonidan taqdim etilgan javobni ko‘rib chiqish davomida kambag‘allikni qisqartirish, uni aniqlashning huquqiy asoslarini mustahkamlash, kambag‘allikni belgilash mezonlarini, metodologiyasini shakllantirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida e'tiborda berdi. Javobdan ma'lum bo‘lishicha, hozirgi kunda ekspertlar bilan birgalikda qator konseptual hujjatlar, shu jumladan, “Yashash minimumi”, “Minimal iste'mol savatchasi”ni hisoblash metodologiyasini mamlakatdagi real iqtisodiy holatni inobatga olgan holda maqbul va amaliy jihatdan foydali metodologiyasi, qisqa muddatlarga amalga oshirilishi zarur bo‘lgan kambag‘allikni qisqartirish dasturi, 2030 yilga qadar O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish strategiyasi loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Majlisda parlament so‘roviga yuborilgan javob ma'lumot uchun qabul qilindi.

Top