15:00 / 16.09.2020
3241

XDP fraksiyasi maktablarda o‘quv jarayoni xavfsiz tashkil etilishi bo‘yicha Hukumatga takliflar kiritdi

Dunyo bo‘ylab tarqalgan koronavirus aholi sog‘lig‘iga xavf solish bilan birga, mamlakatlar iqtisodiyoti, ijtimoiy hayotni jiddiy sinovlar qarshisida qoldirdi. Bir necha oydan buyon davom etayotgan murakkab vaziyatda davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi har qanday soha kabi ta'lim tizimi oldiga ham yangi va jiddiy muammolar qo‘ydi. Natijada ta'lim muassasalarida an'anaviy ta'lim-tarbiya jarayonlari to‘xtatilib, masofaviy ta'limga o‘tishga majbur bo‘lindi. Farzandlarimizning uzoq muddat uyda qolishi ularning ta'lim va tarbiyasi izdan chiqishiga, jismoniy zaiflashishiga, tengdoshlaridan ayrilib ruhiy murakkabliklarga uchrashishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuning uchun Hukumat komissiyasi tomonidan pandemiya sharoitida ta'lim-tarbiya tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida sentabr oyidan mamlakatimizda an'anaviy ta'lim jarayoni boshlanishi xabar qilindi.

Maktablarning karantin talablariga tayyorligi darajasini o‘rganishda, amaliy yordam ko‘rsatishda mahalliy hokimliklar, boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan birga Xalq demokratik partiyasining mahalliy Kengashlardagi deputatlari va faollari ham bevosita ishtirok etdi.

Respublika miqyosida to‘plangan ma'lumotlar umumlashtirilib, muammo va asosiy kamchiliklarga nimalar sabab bo‘layotgani 14 sentabr kuni partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi majlisida tahlil qilindi. Hududlardagi real vaziyat, o‘quvchi va o‘qituvchilarning salomatligini saqlash bosh vazifa ekanidan kelib chiqqan holda, fikr-mulohazalar bildirildi.

O‘rganish natijalari tahlili asosida, mahalliy Kengashlardagi deputatlar bilan bamaslahat holda, pandemiya sharoitida maktablardagi o‘qish jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchilar xavfsizligini oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlandi. Mazkur takliflar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Behzod Musayevga kiritildi.

Deputatlar birinchi navbatda barcha maktab o‘qituvchilari COVID-19 virusiga test topshirishini tizimli va to‘liq tashkil etish lozim, deb hisoblaydi.

Ikkinchidan, maktablarni antiseptik vositalar hamda harorat o‘lchagichlar bilan ta'minlash bo‘yicha aniq choralar ko‘rish zarurati yuqori. Afsuski, hududlarda bu masalada tizimli yondashuv kuzatilmayapti.

Uchinchidan, maktablarni ichimlik suvi, qo‘l yuvish jihozlari va vositalari bilan ta'minlash dolzarb ahamiyatga ega. Ayniqsa, markazlardan olis tumanlardagi ayrim maktablarda bu boradagi muammolar ancha chuqurlashgan.

To‘rtinchidan, har bir maktabda hamshira shtatini joriy qilish, uslubiy nazoratni Sog‘liqni saqlash vazirligiga qoldirgan holda, ushbu shtatlarni Xalq ta'limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazish. Bitta maktabda kamida bir nafar hamshira doimiy ishlashiga erishishimiz lozim.

Beshinchidan, maktablardagi tibbiyot xonalari hamda izolyatorlarni tegishli jihozlar va dori-darmonlar bilan ta'minlash ehtiyoji katta. O‘rganilgan aksariyat maktablarda bu masalada kamchiliklar kuzatilgan.

Mamlakatdagi murakkab va sinovli davrda hamjihat bo‘lib, amaliy yordam, fikr hamda takliflar bilan bir-birimizga ko‘mak berishimiz kerak. Muammolarni hal qilish yo‘llari birgalikda izlanishi muhim.

Xalq demokratik partiyasi barcha darajadagi deputatlik birlashmalari orqali maktablardagi o‘quv jarayonlarini xavfsiz va samarali tashkil qilish ishlarida faol ishtirok etadi.

Xalq demokratik partiyasi
Axborot xizmati

Mavzuga oid
Top