21:20 / 16.09.2020
24918

Yaponiyada yangi bosh vazir saylandi. Yosixide Suga kim va undan nima kutish mumkin?

Yaponiyaning hukmron Liberal-demokratik partiyasining yangi raisi Yosixide Suga mamlakat bosh vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Uning nomzodini parlament deputatlarining aksariyati qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, Yaponiya hukumatining yangi tarkibi e'lon qilingan.

Foto: AP

Yaponiya parlamentida Yosixide Suga nomzodi ko‘pchilik ovoz bilan bosh vazir lavozimiga saylandi. U sakkiz yil ichida ilk yangi bosh vazir bo‘ldi. Hukumatning avvalgi rahbari Sindzo Abe sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar tufayli iste'fo bergandi. Abening maslakdoshi bo‘lgan Suga uning siyosatini davom ettirishi kutilmoqda.

Avvalroq Yaponiyaning hukmron Liberal-demokratik partiyasi 71 yoshli Sugani o‘zining yangi raisi etib saylangandi.

Parlamentning quyi palatasida hukmron koalitsiya – Liberal-demokratik partiya va Komeyto partiyasiga 465 o‘rindan 313tasi tegishli bo‘lgani tufayli Suga bosh vazirlikka saylanishi oldindan ma'lum edi. Uning nomzodi 16 sentabr kuni Yaponiya parlamenti Vakillar palatasi deputatlarining ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Yangi bosh vazirga 465 deputatdan 314 nafari ovoz bergan.

Deputatlar qarshisida chiqish qilgan Suga o‘zining birinchi navbatdagi vazifasi Covid-19ga qarshi kurash ekanini aytgan. U shuningdek o‘zidan oldingi bosh vazir Sindzo Abening pul-kredit siyosatini yumshatish, deflyatsiyani kamaytirish va iqtisodiyotni rag‘batlantirishni davom ettirishga hamda byurokratiyani cheklashga va'da bergan. Bundan tashqari, u milliy iqtisodiyotni qo‘shimcha ravishda qo‘llab-quvvatlashni va'da qilgan.

Suga 2021 yil sentyabrida o‘tkaziladigan navbatdagi umummilliy saylovlargacha hukumatni boshqaradi.

Avvalgi bosh vazir Sindzo Abe 28 avgust kuni sog‘ligidagi muammolar tufayli iste'foga chiqqandi. U Sugadan 6 yosh kichik edi. Abe rekord o‘rnatgan - u Yaponiyada eng uzoq vaqt bosh vazir bo‘lgan siyosatchiga aylangandi.

Yosixide Suga tashqi siyosatda katta tajribaga ega emas, ammo Yaponiyada uni benuqson va samarali ishchi sifatida bilishadi. Kuril orollari bo‘yicha bahs - Tokio va Moskva kun tartibidagi muhim masala bo‘lib, ko‘pchilikni yangi hukumat davrida ikki davlat o‘rtasidagi muloqot qanday kechishi qiziqtirmoqda.

Suga muqaddam Vazirlar Mahkamasida kotib sifatida ishlagan. U Abening yaqin safdoshi, Yaponiyadagi OAV ma'lumotiga ko‘ra esa, u o‘z o‘rniga qo‘yib ketgan kishisidir. Partiya saylovlari arafasidayoq u ehtimoliy g‘olib sifatida ko‘rilayotgandi. Uning davrida siyosatda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmayapti.

Partiya ichidagi saylovlarda Suga 534 ovozdan 377tasini qo‘lga kiritgandi.

Yangi hukumatda avvalgi bosh vazir Sindzo Abe vazirlar mahkamasidan bir necha vazir qolgan. Jumladan, tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi, moliya vaziri Taro Aso, davlat yerlari, infratuzilma, transport va turizm vaziri Kadzuyosi Akaba, Olimpiada va Paralimpiada ishlari bo‘yicha vazir Seyko Xasimoto, Yaponiya iqtisodiyotini tiklash bo‘yicha vazir Yasutosi Nisimura, iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Xirosi Kadziyama, atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Sindziro Koidzumi o‘z lavozimlarini saqlab qolishgan.

Bundan tashqari, Yaponiyaning endilikda sobiq mudofaa vaziri Taro Kono ma'muriy islohotlarni o‘tkazish bo‘yicha vazir etib tayinlangan. Uning o‘rnini esa Sindzo Abening ukasi Nobuo Kisi egallagan. Shuningdek, Suga hukumatida yangi lavozim – raqamlashtirish bo‘yicha vazir paydo bo‘lgan, uni Takuya Xirai egallagan.

Yangi bosh vazirdan nimalar kutish mumkin?
Liberal-demokratik partiyaning yangi raisi qulupnay yetishtiruvchi fermer oilasida dunyoga kelgan. Lekin Suga butun hayotini siyosatga bag‘ishlagan.

«Sindzo Abe va partiyaning boshqa bosslari Sugani tanlashdi, chunki u o‘zining barqarorligi bilan Abe siyosatini Abesiz davom ettirishga qodir deb hisoblashdi», deydi BBC bilan suhbatda Tokio universitetining siyosatshunoslik bo‘yicha professori Koichi Nakano.

Suga jo‘shqin siyosatchilar sirasiga kirmaydi, ammo u juda ishchan xodim sifatida ma'lum bo‘lgan.

Yosixide Suga tashqi siyosatda tajribali emas, ammo Yaponiyada uni benuqson va tartibli siyosatchi sifatida bilishadi

U 2019 yil 1 mayida taxt imperator Akixitodan uning o‘g‘li Naruxitoga o‘tayotganida e'tiborga tushgandi. Suga kotib sifatida hisob bo‘yicha 248-imperator davrini  - «Reyva erasi»ni e'lon qilishi kerak edi, Reyva so‘zi esa «uyg‘unlik» ma'nosini bildiradi. Shundan so‘ng u «garmoniya amaki» degan laqab olgan.

Ammo kuzatuvchilarning fikricha, Suga bir yil bosh vazir bo‘lganidan keyin partiyani yangi saylovga ham boshlab bormaydi. Katta ehtimol bilan, 2021 yil noyabriga borib LDPda yangi saylovchilarni jalb etishga qodir bo‘lgan boshqa yorqin shaxs rahbar bo‘ladi.

Bu lavozimga yana kimlar da'vogar bo‘lgandi?
Suganing nisbatan yosh bo‘lgan ikki raqibi bor edi - ularning ikkisi ham 63 yoshda.

LDP partiyasi raisligi uchun Sugadan tashqari (markazda) Sigeru Isiba (chapda) va Fumio Kisida ham da'vogarlik qilishgandi

Fumio Kisida Sindzo Abe hukumatida bir muddat tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan, so‘nggi uch yil mobaynida esa partiyaning asosiy fikr markazi - siyosiy tadqiqotlar kengashini boshqargan. Uning asosiy ustunligi diplomatik tajribaga egaligi edi, ammo, mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, Abe uni qo‘llamagan.

LDPning bosh kotibi Sigeru Isiba esa muqaddam Mudofaa vaziri lavozimida ishlagan, u boshqa ikki nomzoddan farqli ravishda bosh vazir bilan yaqin bo‘lmagan va agar u hukumat tepasiga kelsa siyosatda jiddiy o‘zgarishlar kutilayotgandi.

Mahalliy tahlilchilarning fikricha, bu safar ularning imkoniyati pastroq edi, ammo ularning nomzodligi 2021 yilda partiya ichidagi kurashdagi imkoniyatlarini oshiradi.

Sindzo Abe nega ketgandi?
Sobiq bosh vazir o‘zining xastaligi qarorlar qabul qilishga ta'sir qilmasligi kerakligini va shu tufayli o‘z lavozimida muddati yakunigacha qola olmasligini aytib, Yaponiya fuqarolaridan uzr so‘ragandi.

Abe 2008 yilda ham betobligi tufayli bosh vazirlikdan ketgandi

65 yoshli arbob avvaldan oshqozan yarasi bilan og‘rib kelardi. Abening so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda kasallik kuchaygan.

Hukumatni 2012 yildan buyon boshqarib kelgan Abe ushbu lavozimda ishlayotganiga 2799 kun to‘lib, rekord qayd etishidan to‘rt kun o‘tgach iste'foga chiqqandi.

U 2006-2007 yillarda ham hukumatni boshqargan, ammo o‘shanda ham oshqozonidagi muammo tufayli kutilmaganda lavozimini tark etgandi. O‘shanda Suga uni yana siyosatga qaytishga da'vat qiladi va u 2012 yilgi saylovlarda qatnashib g‘alaba qozonadi. Yosixide esa hukumat bosh kotibi lavozimini egallaydi va u ham bu lavozimda hammadan ko‘p ishlagan siyosatchi hisoblanadi: Sindzo Abe vazirlarni almashtirgan, ammo Suga hamisha o‘z o‘rnida qolgan — bosh vazir unga cheksiz ishonch bildirib kelgan.

Yapon siyosatida nimalar bo‘lmoqda?

Yaponiya koronavirus pandemiyasi tufayli iqtisodiy pasayishni boshdan kechirmoqda

Hokimiyatni o‘tkazish murakkab davrga to‘g‘ri keldi. Yaponiya koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni davom ettirmoqda, bu kasallik mamlakatning zamonaviy tarixidagi eng chuqur iqtisodiy pasayishga sabab bo‘ldi.

Yaponiyada shusiz ham so‘nggi bir necha yillarda retsessiya yoki haddan tashqari sekin o‘sish kuzatilayotgandi. Sobiq bosh vazir nomi bilan atalgan, iqtisodiyotni qayta tiklashga qaratilgan uzoq muddatli «abenomika» rejasi samara keltirishga ulgurmay Covid-19 boshlanib qoldi.

Hal qilinmay qolgan yana bir masala - urushdan keyingi konstitutsiyani isloh qilish. Sindzo Abe hali ham «o‘zini o‘zi himoya qilish kuchlari» deb ataluvchi Yaponiya armiyasining mavjudligini qonuniylashtirishni va qurolli kuchlardan xorijda, xususan, xalqaro mandat asosida tinchlikparvar amaliyotlarda foydalanishga taqiqni bekor qilishni rejalashtirgandi.

Professor Nakanoning fikricha, Sugaga strategik bilim yetishmasligi mumkin.

«Uning yagona shiori - «o‘z-o‘ziga yordam berish, bir-biriga yordam berish, jamiyatga yordam berish» bo‘lib, bu birinchi navbatda o‘zingga yordam berish va har kim o‘zi uchun javobgarligini ta'kidlashdan iborat neoliberalcha qarashdir. Pandemiya davrida esa aholining katta qismi iqtisodiy jihatdan zaiflashgan», deydi u.

Kuril mojarosi
Rossiya uchun Yaponiya bilan munosabatlarda eng muhimi Ikkinchi jahon urushi yakunlari bo‘yicha tinchlik sulhi tuzilishidir, o‘tgan vaqt mobaynida Kunashir, Iturup, Shikotan va Xabomai orollari bo‘yicha bahslar tufayli bunday sulh tuzilmay kelmoqda.

Rossiya bu orollarni Janubiy Kuril orollari deb ataydi. Yaponiya esa bu orollar Kuril tizmasiga tegishli ekanini rad etib, o‘zining shimoliy hududlari deb hisoblaydi.

Sindzo Abe va Vladimir Putin jami 18 marta uchrashishgan, ammo, optimistik bayonotlar berilganiga qaramay, muammo hal qilinishi tomon siljish kuzatilmagan.

Ekspertlar tashqi siyosat bobida ko‘nikmaga ega bo‘lmagan Yosixide Sugadan ham bu masalada hech qanday syurpriz kutishga hojat yo‘q deb hisoblashadi.

Ikki tomonda ham «manyovrlar uchun joy yo‘q». Rossiya konstitutsiyasiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlardan birida hududlarni begonalashtirish istisnosiz taqiqlanadi, har qanday yapon yetakchisi uchun esa «shimoliy hududlarsiz» tinchlik kelishuvi - siyosiy jihatdan o‘z joniga qasd qilish bilan teng baholanadi.

Putin bosh vazirlikka saylangani munosabati bilan Sugani tabriklab telegramma yo‘llagan. «So‘nggi vaqtlarda, shu jumladan, sizdan avvalgi bosh vazir Sindzo Abe davrida davlatlarimiz o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish uchun ko‘p ishlar qilindi», deyiladi unda.

Mavzuga oid
Top