22:09 / 17.09.2020
2990
Komil Allamjonov Buyuk Britaniya elchisi bilan muzokara o‘tkazdi

Mass-media fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlot bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda u o‘z Telegram-kanalida ma'lum qildi.

«Uchrashuvda Fond tomonidan amalga oshirilgan loyihalar muhokama qilindi, pandemiya paytida yolg‘on ma'lumotlarning tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar va qiyin ahvolda bo‘lgan jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash haqida malumot berildi.

Ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi masalasi atroflicha muhokama qilindi. O‘zbekiston prezidenti tomonidan e'lon qilingan ommaviy axborot vositalari faoliyatini liberallashtirish va so‘z erkinligini ta'minlashga qaratilgan ishlar davom etayotgani qayd etildi.

Umuman olganda, suhbat samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi. Biz kelgusidagi hamkorlik va qo‘shma loyihalarni, shu jumladan, mamlakatimizda so‘z va ommaviy axborot vositalarining erkinligini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldik», – deb yozadi Komil Allamjonov.

Eslatib o‘tamiz, Britaniya elchisi Kun.uz'ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi so‘z erkinligi borasida ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan edi.

«Bu yerga kelganimdan buyon odamlardan eng ko‘p eshitgan gaplarimdan biri aynan so‘z erkinligini ta'minlash borasidagi o‘zgarishlar haqida bo‘ldi. Munozaralarni tashkil etish, jamiyat orasida bahs-muzokaralarga sabab bo‘ladigan mavzularni yoritishda jurnalistlarning faollashuvi hamda o‘rni kelganda hukumatni ham tanqid qila bilishi bu sohadagi islohotlar natijasi, deb o‘ylayman», – degandi elchi Tim Torlot.

Top