12:40 / 17.09.2020
8149
Mehnat migrantlari sonini qisqartirish va kelgusida unga barham berish bo‘yicha takliflar. Uchinchi maqola

2019 yilda Rossiyaga safar uyushtirgan Kun.uz muxbirlari faqatgina Rossiyadagi mehnat migrantlari soni 4 million kishini tashkil etishini ta'kidlashgandi. Bu O‘zbekiston mehnat resurslarining qariyb to‘rtdan bir qismini tashkil qiladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda chet elda yurgan mehnat migrantlari tomonidan O‘zbekistonga rasmiy kanallar orqali jo‘natilgan mablag‘lar miqdori 4,6 milliard AQSh dollarini tashkil etgan. Buning ustiga ro‘yxatdan o‘tmagan mablag‘larni, mehnat migrantlarining shaxsiy iste'moli xarajatlarini (ayrimlarining esa oilaviy iste'mol xarajatlarini) ham qo‘shib hisoblasak, manzara yanada oydinlashadi.

Rasmiy statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekiston aholisining 2,5 million nafari yoki 7 foizi mehnat migrantlari hisoblanadi. Shundan 2 million atrofida fuqarolar Rossiyada mehnat qiladi. Mehnat migrantlari tomonidan jo‘natilgan pul mablag‘lari 5,1 milliard AQSh dollari, yoki mamlakat YaIMining taxminan 10 foizini tashkil qilgan. Bunda har bir muhojir oyiga o‘rtacha 166,7 AQSh dollari miqdorida mablag‘ ishlab topgan.

Har ikki holatda ham bu juda katta raqamlar. Boshqacha so‘zlar bilan ifodalaganda, mehnat migrantlari ishlab topayotgan daromadlar O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotiga nisbatan taxminan 20 foizni tashkil qiladi. Tabiiyki, O‘zbekistonning buncha miqdordagi mehnat migrantlarini ish bilan ham, arzigulik daromad bilan ta'minlashga hozircha qurbi yetmaydi. Demak, mehnat migrantlari muammosini hal etishda ikkinchi yo‘l tanlangan taqdirda ham, uni muayyan ketma-ketlikda turli yuqori samarali tashkiliy va iqtisodiy (zarurat taqozo etganda — ma'muriy) vositalar yordamida bosqichma-bosqich, lekin izchil va qat'iyat bilan amalga oshirish lozim.

Mehnat migratsiyasi muammosini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarimizning va takliflarimizning ayrimlarini bayon etishni lozim topdik.

Birinchi taklif. Mehnat migratsiyasini cheklangan miqdorda faqat malakali ishchi kuchini eksport qilish evaziga amalga oshirish siyosatini yo‘lga qo‘yish. Buning uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining bevosita boshchiligida ishchi kuchi import qiluvchi mamlakatlar, yirik kompaniyalar buyurtmalariga muvofiq yollanma, malakali ishchi va mutaxassislarni tayyorlash mexanizmini yaratish.

Bunda kasbiy malaka va ko‘nikmalarga ega iqtidorli yoshlar tanlov asosida saralab olinadi, muayyan davr davomida ularga borib ishlashi lozim bo‘lgan mamlakatning tili, tarixi, urf-odatlari, an'analari o‘rgatiladi, tanlangan ish, kasb, hunar bo‘yicha zaruriy malaka va ko‘nikmalar shakllantiriladiki, toki migrant o‘zi tashrif buyurgan mamlakat yoki korxona talablari darajasida vazifalarni bajara oladigan tayyorgarlikka ega bo‘lsin. Ishchi kuchi eksporti ilmiy asosda yo‘lga qo‘yilishi respublikaga juda katta manfaat keltiradi.

Birinchidan, ishchi kuchi eksportidan keladigan daromad miqdori keskin oshadi;

Ikkinchidan, yoshlarda malakali ishchi yoki malakali mutaxassis bo‘lishga, ya'ni yaxshi o‘qishga qiziqish ortadi;

Uchinchidan, yoshlarda xorijiy tillarni o‘rganishga moyillik va tajriba ortadi;

To‘rtinchidan, xorijda malakali ishlarni bajargan yoshlarimiz, o‘z yurtiga qaytganda, milliy iqtisod ravnaqiga munosib hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ikkinchi taklif. Mamlakatda ishsizlik muammosini hal etish, iqtisodiyotda band bo‘lganlarni munosib ish haqi bilan ta'minlash bevosita iqtisodiy o‘sish sur'atlariga bog‘liq.

Shu sababli davlat arboblari, mas'uliyatli lavozimlardagi amaldor shaxslar, partiya rahnamolari, professor-o‘qituvchilar va olimlarning maoshlarini mamlakatda iqtisodiy o‘sish sur'atlari bilan uyg‘unlikda oshirib borish tartibini joriy etish. Sababi — mamlakatning iqtisodiy yuksalishi, milliy iqtisodning o‘sish sur'atlari tirikchilik o‘tkazish, oilani tebratish ilinjida o‘zini o‘z Vatanida oila va ota-onasi bag‘rida yashab, ishlab yurish baxtidan mahrum qilgan, begona yurtlarda ne-ne mashaqqatlar bilan halol mehnat qilib, barcha kamsitish va kezi kelganda haqoratlarga matonat bilan bardosh berib, daromad topayotgan mehnat migrantlariga emas, aynan nomlari yuqorida zikr etilgan toifadagi mutasaddi shaxslarning xatti-harakati va mas'uliyatiga ham bog‘liq.

Uchinchi taklif. «Ish haqi minimumi» va «Yashash minimumi» to‘g‘risida qonunlarni qabul qilish va amaliyotga joriy etish. Ushbu chora mamlakatda yaratilgan va bozor sub'yektlari orasida taqsimlanishi lozim bo‘lgan milliy daromadda yollanma ishchilarning ulushini adolat yuzasidan oqilona darajada ko‘tarish orqali nafaqat mehnat migratsiyasini xohlovchilar sonini qisqartirish, balki mamlakatda boshlangan kambag‘allikka qarshi kurash strategiyasini amalga oshirishning ham muhim vositalaridan biri hisoblanadi.

To‘rtinchi taklif. Barcha tumanlarda dastlab bitta, keyinchalik 2-3tagacha qishloq xo‘jaligi sohasida yirik-yirik davlat xo‘jaliklarini tashkil etish.

Kun.uz muxbirlarining intervyusida ishtirok etgan yigit aqalli 0,5 ga yer maydoni bo‘lsa, O‘zbekistonga qaytishga tayyorligini, yerga nima ekib, qanday daromad olishni ham yaxshi bilishini ma'lum qilgan.

Lekin yerni bunday taqsimlab berish yer resurslaridan unumli foydalanish tamoyillariga mos kelmaydi. Biroq mingta, ikki mingta ehtiyojmandlarga ajratiladigan yer maydonlarini birlashtirib, 500 ga yoki 1000 ga yer maydonida yirik xo‘jalik tashkil etilib, barcha yerga talabgorlarni yerda ishlashga jalb etilsa, unda miqyos samarasi evaziga katta daromad olish mumkin. Bunday yirik xo‘jaliklarni tashkil etish dastlab kambag‘allikka qarshi kurash uchun nazarda tutilgan davlat resurslarini jalb etish hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

Bundan tashqari, xo‘jalik investitsion faoliyatiga yuridik va jismoniy shaxslarning mablag‘larini jalb etishni rag‘batlantiruvchi va undan bank foiz stavkalaridan yuqori daromad olishni ta'minlovchi samarali mexanizmlar tizimi yaratilishi va amaliyotga joriy etilmog‘i lozim.

Xo‘jalik faoliyatining yuqori samaradorligiga erishish uchun unga konkurs asosida eng kuchli, iste'dodli rahbarlarni va soha mutaxassislarini jalb etish lozim. O‘ylaymizki, biz tasavvur qilgan shakldagi davlat xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini ilmiy asosda tashkil etishning, fan va amaliyotning o‘zaro uyg‘unligini ta'minlashning haqiqiy andozasiga, qolaversa, agrar sohada ulkan monopol mavqega ega bo‘lgan O‘zbekistonning ushbu sohadagi bepoyon imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, joiz bo‘lsa butun jahonga yoyishning samarali markazlariga aylantirilishi qishloq iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirishda ham, bandlik va qashshoqlik muammolarini hal etishda ham juda katta natijalar beradi.

Yirik davlat xo‘jaliklaridan qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etish, ilg‘or va innovatsion agrotexnik usullardan foydalanish, fan yutuqlarni keng tatbiq etish va yuqori natija olishning eksperimental bazasi sifatida foydalanish maqsadga muvofiq. Ularni tuman hududidagi fermer xo‘jaliklariga amaliy yordam ko‘rsatish, ilmiy-uslubiy qo‘llab-quvvatlash, ularni innovatsion asosda rivojlantirishning lokomotivlariga aylantirish lozim.

Tuman hududida ishlab chiqarilgan xomashyoni sanoat miqyosida qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirish, talaygina qismi nest-nobud bo‘layotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, ularni tashqi bozorlarga eksport qilishni tashkil etishdek bugungi kunning dolzarb muammolarini hal etish davlat xo‘jaliklari faoliyatining eng muhim yo‘nalishlariga aylanmog‘i lozim.

Beshinchi taklif. O‘zbekistonda ta'lim sifatini tubdan radikal darajada ko‘tarish. Milliy iqtisodiyotda katta resurslar sarfi va xalqimizning mashaqqatli mehnati evaziga yaratilgan tovar va xizmatlarning jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lishi uchun ular, birinchidan, sifati yuqori, ikkinchidan esa, narxi arzon bo‘lishi kerak (Xitoy tajribasi).

Sifati yuqori, lekin narxi arzon mahsulotni faqat sifatli mehnat bilan yaratish mumkin. Sifatsiz mehnat bilan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish to‘g‘risida o‘ylash – bulutsiz musaffo osmondan yomg‘ir yog‘ishiga umidvor bo‘lishdek ma'nosiz.

Qadimdan bizga meros qolgan naqlda «Shayxda hunar bo‘lmasa machit ham torlik qiladi», deyilgan. Qimmatbaho resurslardan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, demak, mamlakatda ko‘plab yangi ish o‘rinlari barpo etish, mamlakat iqtisodiy qudratini yuksaltirishning eng samarali yo‘li – xalqimizning hunarini oshirish, iqtisodiyotda band bo‘lganlarning malakasini, bilim saviyasini, kreativ qobiliyatini rivojlantirishdir.

Xalqimizda bunday noyob fazilatlarni shakllantirishda ta'limning roli benihoya katta. To‘g‘ri, keyingi yillarda davlatimiz rahbari, O‘zbekiston hukumati ta'limni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli juda katta ishlarni amalga oshirmoqda. Lekin amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ta'lim sohasida ko‘proq miqdor o‘zgarishlar sifatida natija bermoqda.

O‘zbekiston ravnaqi uchun aynan sifat o‘zgarishlar juda muhim. Mazkur mavzu doirasida ta'limning barcha murakkab muammolarini yoritish imkoni mavjud emas. Lekin, lo‘nda qilib ifodalaganda, mamlakatda ta'limning shunday modeli yaratilishi kerakki, u butun xalqning: yosh-u qari, katta-yu kichik, amaldor-u xizmatkor, barcha-barchaning asosiy diqqat-eʼtiborini ta'limga, butun kuch-g‘ayratini uni tubdan yaxshilashga yo‘naltirsin.

Nazarimizda, bu noyob model xalqimizning qonida azal-azaldan mustahkam joylashgan, buyuk ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lib qolgan yashirin imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarishga va uni mamlakatimizni nafaqat mehnat migratsiyasi illatlaridan xalos etishga, balki jonajon O‘zbekistonni dunyoning iqtisodiy jihatdan qudratli mamlakatlaridan biriga aylantirishga xizmat qilmog‘i lozim.

Sifatli ta'lim O‘zbekistonni katta taraqqiyotning ravon yo‘liga olib chiqishning eng kam xarajat va eng qisqa yo‘lidir.

Xulosa
Biz hech qachon begona yurtlarda qiynalib yurgan millionlab yurtdoshlarimizning hayotiga befarq bo‘lishga, ularning taqdirini tasodiflar ixtiyoriga tashlab qo‘yishga haqli emasmiz. Chunki ular ham shu yurtning aziz farzandlari, birimizning suyukli o‘g‘limiz yo qizimiz, birimizning mehribon otamiz yo onamiz, opa-singil yoki aka-ukamiz, yana birimizning yaqin qarindoshimiz, qolaversa mahalladoshimiz, yurtdoshimiz.

Prezidentimiz ko‘tarib chiqqan O‘zbekistonni yanada rivojlantirish, uni rivojlangan ellik mamlakat qatoridan o‘rin olishiga erishish, xalqning hayot farovonligini yuksaltirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlik darajasini oshirish, ta'lim sifatini takomillashtirish, kambag‘allikka barham berish, innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish borasidagi tashabbuslarini hayotga tatbiq etishning faol ishtirokchilari bo‘laylik.

Ana shundagina hamyurtlarimizning o‘zining jonajon vataniga qaytishiga ko‘maklashishda hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz. Barchamiz birgalikda, bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilsak, O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishning ravon yo‘liga boshlab chiqishimiz muqarrar.

O‘zbekiston 2030 yilga borib nafaqat taraqqiy etgan ellik mamlakat safiga kirishga erishadi, balki 2040-yillarga borib kuchli yigirmatalik mamlakat safidan munosib o‘rin egallashi mumkin bo‘ladi. Shundagina biz o‘tmishda Movaraunnahrdek qudratli davlatni shakllantirgan buyuk ajdodlarimizning sha'niga munosib ish tutgan bo‘lamiz, ularning ruhi poklarini shod aylab, arvohlarining madadini olish baxtiga erishamiz.

Buning uchun avvalo mehnat migrantlari muammosi O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining eng muhim, bugungi kun va kelajak nuqtayi nazaridan o‘z yechimini kutayotgan markaziy masalalaridan biri sifatida qaralmog‘i lozim.

Ushbu masala davlat rahbarlari, jamoatchilik tashkilotlari, ilm-u fan ahlining, keng jamoatchilik va o‘z-o‘zini boshqarish organlarining doimiy diqqat markazida bo‘lmog‘i shart. Bu borada davlatimizning ishchi kuchi eksportiga yo‘naltirilgan harakatlar strategiyasi va «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilmog‘i va tadrijiy ravishda amaliy hayotga tatbiq etilishi lozim deb hisoblayman.

Hurmatli yurtdoshlar, maqolada keng omma muhokamasiga olib chiqilayotgan ushbu dolzarb masalalar bo‘yicha o‘zlaringizning qimmatli fikr-mulohazalaringizni bildirishlaringizga, qizg‘in bahs- munozaralar orqali ushbu mavzuga oid murakkab muammolarning to‘g‘ri, samarali va oqilona yechimlarini izlab topishda faol ishtirok etasizlar degan umiddaman.

M.Muhammedov,

SamISI professori, iqtisodiyot fanlari doktori.

Top