20:31 / 17.09.2020
21498

Navalniy Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatildi

Rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatildi. Bu haqda rossiyalik olim, Nyu-Jyersidagi Ratgers universiteti professori Sergey Yerofeyev ma'lum qilgan. Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham mukofotga nomzod sifatida taklif qilingandi.

«Rossiya bilan shug‘ullanuvchi taniqli universitetlarning bir qator professorlari uni (Aleksey Navalniy - tahr.) Nobel mukofotiga nomzod sifatida ilgari surishgan», deya yozgan u feysbukdagi sahifasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Aleksey Navalniyni qo‘llagan olimlar orasida avval uning faoliyatiga salbiy munosabatda bo‘lgan, keyin esa fikrini o‘zgartirgan olimlar ham bor. Yerofeyev «Dojd» nashriga bergan izohida uning nomzodini ko‘rsatganlar orasida «katta odamlar» ham borligini qayd etib o‘tgan.

Nobel jamg‘armasi ustaviga ko‘ra, dunyoning istalgan davlatining parlamenti va hukumati a'zolari, xalqaro sudlar vakillari, universitetlar rektorlari, ijtimoiy fanlar, tarix, falsafa, huquq va teologiya fanlari professorlari, ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlari, Nobel mukofoti sohiblari, mukofot bilan taqdirlangan tashkilotlar kengashlari a'zolari yoki Nobel qo‘mitasi a'zolari va maslahatchilari Nobel mukofotiga nomzodni ko‘rsatishi mumkin. Bunda nomzodga qandaydir muayyan talablar yo‘q. 

Ma'lumot uchun, shu vaqtgacha Rossiya fuqarolari Nobel mukofotiga sazovor bo‘lmagan. SSSR davrida Andrey Saxarov (1975 yil) va Mixail Gorbachyovga (1990 yil) mukofot berilgan.

Aleksey Navalniy 22 avgustdan buyon Berlindagi «Sharite» klinikasida yotibdi. U 20 avgustdan 7 sentyabrga qadar koma holatida bo‘ldi. Germaniya hukumati u Rossiyada «Novichok» turiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini ta'kidlamoqda. Rossiyalik shifokorlar esa siyosatchidan Omskda olingan testlar natijalari zahar borligini ko‘rsatmaganini aytishmoqda, hukumat Germaniyadan siyosatchining tahlil namunalarini so‘ramoqda.

17 sentabr kuni Yevropa parlamenti Navalniyning zaharlanishi yuzasidan Rossiyaga qat'iy sanksiyalar joriy etishni nazarda tutuvchi rezolyutsiya qabul qildi.

Top