15:03 / 17.09.2020
40457
O‘zbekistonga aviaqatnovlar orqali kirib kelish tartibi bo‘yicha batafsil ma'lumot berildi

Uzbekistan Airpors pandemiya davrida yo‘lovchilarning O‘zbekistonga aviaqatnovlar orqali kirib kelish tartibi bo‘yicha batafsil ma'lumot berdi.

Foto: Pixabay

COVID-19 koronaviruc infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq quyidagicha tartib belgilandi:

«Qizil» va «Sariq» hududlardan O‘zbekistonga kelishni rejalashtirayotgan yo‘lovchilar aeroportda ro‘yxatdan o‘tayotganda aviakompaniya vakiliga COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlanmaganligi haqidagi PZR testini rus yoki ingliz tilidagi natijasini taqdim etishlari talab etiladi. COVID-19 koronavirus infeksiyasi uchun topshirilgan natijasi manfiy deb topilgan PZR tahlil hujjati parvozdan oldin 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda bo‘lishi lozim. Natijasi manfiy deb topilgan PZR test natijasi bo‘lmagan yo‘lovchi parvozga qo‘yilmaydi;

O‘zbekiston hududiga kirib kelishda yo‘lovchilarning aeroport terminali kirish qismida o‘rnatilgan tana haroratni o‘lchovchi maxsus uskunalar orqali o‘tishlari talab etiladi;

O‘zbekistonga «Qizil» hudud mamlakatlaridan kirib kelgan yo‘lovchilar aeroportning uchib kelish terminalida joylashgan pasport nazorati xodimlariga COVID-19 koronavirus infeksiyasi uchun topshirilgan PZR tahlil natijasi manfiy deb topilgan hujjatni va 14 kunlik majburiy uy karantiniga joylashish yuzasidan to‘ldirilgan majburiyatnomani taqdim etishlari shart. Majburiyatnoma O‘zbekiston fuqarolari uchun –doimiy yashash manzili bo‘yicha, chet el fuqarolari uchun – vaqtincha yashash manzili bo‘yicha to‘ldiriladi;

«Sariq» hudud mamlakatlaridan O‘zbekistonga kirib kelgan yo‘lovchilar aeroportning uchib kelish terminalida xizmat vazifasini o‘tayotgan pasport nazorati xodimlariga COVID-19 koronavirus infeksiyasi uchun topshirilgan PZR test natijasi manfiy deb topilgan hujjatni topshirishlari talab etiladi. COVID-19 koronavirus infeksiyasi uchun topshirilgan PZR test natijasi manfiy deb topilgan hujjat yo‘lovchilarda bo‘lmasa, ular aeroport terminalining kirish qismida joylashgan namunalar oluvchi joyda o‘z hisoblaridan PZR test topshiradilar va 14 kunlik majburiy uy karantiniga joylashish yuzasidan majburiyatnomani to‘ldiradilar. So‘ng, to‘ldirilgan majburiyatnoma pasport nazorati xodimlariga topshiriladi.

Bildirilishicha, «Yashil» hudud mamlakatlaridan O‘zbekistonga kirib kelgan yo‘lovchilarga nisbatan karantin tartiblari qo‘llanilmaydi (kasallik alomatlari kuzatilgan yo‘lovchilar bundan mustasno).

«Sariq» va «Yashil» hudud mamlakatlaridan «Qizil» hudud mamlakatlari orqali kelgan tranzit yo‘lovchilarga O‘zbekistonga kirishga ruxsat beriladi. Mamlakatga kirib kelganda yo‘lovchida COVID-19 koronavirus infeksiyasi uchun topshirilgan PZR test natijasi manfiy deb topilgan hujjat bo‘lmasa, aeroport hududida yo‘lovchi o‘z hisobidan PZR tahlil tekshiruvidan o‘tkaziladi va 14 kunlik o‘zini izolyatsiya qilish yuzasidan majburiyatnomani ham to‘ldiradi.

«Qizil» hudud mamlakatlaridan «Sariq» va «Yashil» hudud mamlakatlari orqali kelgan tranzit yo‘lovchiga O‘zbekistonga kirishga ruxsat beriladi. Mamlakatga kirib kelganda yo‘lovchida COVID-19 koronavirus infeksiyasi uchun topshirilgan PZR test natijasi manfiy deb topilgan hujjat bo‘lmasa, aeroportning o‘zida yo‘lovchining hisobidan PZR tekshiruvidan o‘tkaziladi va 14 kunlik o‘zini izolyatsiya qilish yuzasidan majburiyatnomani to‘ldiradi.

Majburiyatnoma blanki ingliz tilida / rus va o‘zbek tillarida.

O‘zbekistonga kirib kelgandan so‘ng, aeroportning uchib kelish terminalida yo‘lovchida isitma yoki COVID-19ning boshqa alomatlari kuzatilsa, yo‘lovchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shuningdek PZR test natijasi musbat bo‘lsa, yo‘lovchi davolanish uchun kasalxonaga joylashtiriladi.

Top