18:03 / 17.09.2020
4121
Yevroparlament Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha xalqaro tekshiruv o‘tkazish va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni talab qildi

Yevroparlament YeI davlatlari rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq hodisa tufayli Rossiya bilan munosabatlarni qaytadan ko‘rib chiqishga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qildi.

Yevroparlament zudlik bilan YeI, BMT, Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti va Yevropa kengashi ishtirokida xalqaro tekshiruv o‘tkazishga, RF hukumatini esa «xolis tekshiruv o‘tkazilishi va aybdorlar javobgarlikka tortilishi» uchun keng miqyosli hamkorlikka chaqirgan. 

Bundan tashqari, Yevroparlament «imkon qadar tez fursatda Rossiyaga qarshi kuchli cheklov choralarini ishlab chiqish, mavjud sanksiyalarni esa qat'iylashtirish»ni talab qilgan. Rezolyutsiyaning maxsus bandida Yevropa qonunchiligiga Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi tekshiruvlari qahramonlarining aktivlarini muzlatib qo‘yishga imkon beruvchi o‘zgartirishlar kiritishga chaqirilgan.

Rezolyutsiyada YeI davlatlari Rossiya bilan munosabatlarni to‘liq qayta ko‘rib chiqishga chaqiriladi — «Shimoliy oqim — 2» qurilishining to‘xtatilishi, muxolifat va nodavlat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek Rossiyani yirik xalqaro forumlarda yakkalab qo‘yish shular jumlasidan.

Shuningdek, Yevroparlament YeI Moskvadan «xalqaro standartlarga mos kelmaydigan» qonunlar, xususan, shu yil yozida Konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishlarni o‘zgartirishni talab qilishi kerak deb hisoblaydi.

  • Yevroparlament rezolyutsiyasi tavsiyaviy xarakterga ega va yuridik kuchga ega emas. YeI darajasida sanksiyalar kiritilishi uchun ittifoqning barcha davlatlari roziligi talab etiladi.
  • Rezolyutsiyadagi takliflar YeI davlatlari tashqi ishlari vazirlarining 21 sentabr kuniga belgilangan uchrashuvida muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.
Top