07:20 / 18.09.2020
2982
Dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 30 milliondan oshdi

Dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 30 milliondan oshdi. Bundan koronavirus bo‘yicha statistikani real vaqt rejimida olib boruvchi Jon Hopkins universiteti ma'lumotlari darak bermoqda. 

18 sentabr Toshkent vaqti bilan soat 5:00ga kelib, sayyoramizda koronavirusga chalinganlar soni 30 mln 59 ming nafarga yetgan. Eng ko‘p kasallanish holatlari AQShda qayd qilingan, bu yerda koronavirusga chalinganlar soni 6,67 mln nafarni tashkil qilmoqda. Keyingi o‘rinlarni 5,11 mln kasallangan bilan Hindiston va 4,45 mln kasallangan bilan Braziliya egallamoqda. 4-o‘rinda 1,08 mlnta kasallanish holati bilan Rossiya turibdi. 

Shu bilan birga Worldometers sayti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda jami kasallanish holatlari 30 mln 333 mingdan oshib ketgan.

Koronavirusdan o‘lim holatlari dunyo bo‘ylab 943 mingtani tashkil qilmoqda. Eng ko‘p o‘lim holatlari ham AQShda qayd qilinib, 197,5 mingtani tashkil qilmoqda. Braziliyada 134 mingta, Hindistonda 83 mingta o‘lim holati qayd qilingan. Koronavirusdan o‘lim darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar beshtaligidan, shuningdek, Meksika (72 mingta o‘lim holati) va Britaniya (41 mingta) joy olgan.      

Shu bilan birga, 20 mlndan ko‘proq kishi kasallikdan forig‘ bo‘lgan. Eng ko‘p sog‘ayib ketganlar Hindistonga to‘g‘ri kelib, 4 mln kishini tashkil qilmoqda. Shuningdek, Braziliyada 3,8 mln kishi, AQShda 2,5 mln kishi sog‘ayib ketgan.    

Oxirgi hafta ichida koronavirusga chalinganlar soni 2 mlnga, bir oy ichida esa 8 mlnga oshdi. 11 sentyabrda kasallanganlar soni 28 mln nafarni, 19 avgustda esa 22 mln nafarni tashkil qilgan edi.

Oxirgi kunlarda kunlik kasallanish holatlari bo‘yicha Hindiston va Braziliya yetakchilik qilmoqda: ushbu davlatlarda kuniga 40 mingdan ko‘proq bemor aniqlanmoqda.

Top