18:02 / 18.09.2020
12544
Nurmat Otabekov: Maktablar ochilishi – to‘g‘ri qaror

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov AOKAda o‘tkazilgan brifingda maktablar ochilishi xato qaror emasligini aytib o‘tdi.

«Albatta to‘g‘ri qaror. Biz bir umr bolalarimizni uyda qamab o‘tira olmaymiz, ular ham aynan shunday murakkab epidemik vaziyatda yashash, o‘qish va u yoki bu ish bilan mashg‘ul bo‘lishga o‘rganish kerak.

Buning ustiga bolalarda koronavirus kasalligi yengil kechadi, ularda yondosh kasalliklar bo‘lmagani uchun jiddiy asoratlarsiz barchasi tuzalib ketadi.

Hozir respublikadagi maktablarda tegishli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. O‘qituvchilarning qariyb barchasi koronavirusga test tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Maktablarning dezinfeksion va epidemiyaga qarshi, profilaktik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tayyorgarligi o‘rganib chiqildi, mavjud kamchiliklar bartaraf etildi va birin-ketin ularning faoliyati tiklanmoqda.

Maktablar faoliyatini tiklashi barobarida kasallanish ko‘rsatkichi ham ortishi mumkin. Bu tabiiy hol, negaki maktablarda bolalarning va o‘qituvchilarning muloqoti oshadi va kasallik bir odamdan ikkinchi odamga o‘tish ehtimoli kengayadi. Bunday paytlarda maktablardagi filtrlar yaxshi ishlashi, xodimlar sergak bo‘lishi bilan bir qatorda kasallik belgilari kuzatilgan bolalarni maktabga yubormaslik, bu haqda maktab ma'muriyatini xabardor qilish bo‘yicha ota-onalarning ham mas'uliyati yuqori bo‘lishi zarur. Bunday talablar o‘qituvchilarga ham taalluqli», deya javob berdi shtab a'zosi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top