15:02 / 18.09.2020
10854
O‘zbekiston rasmiylari COVID-19'ga qarshi dorilar masalasida kubaliklar bilan muzokara o‘tkazdi
Foto: BIOCEN

O‘zbekiston va Kubaning sog‘liqni saqlash sohasi rasmiylari kubalik olimlar tomonidan koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan dori vositalari yuzasidan muhokamalar o‘tkazdi. Bu haqda 17 sentabr kuni Kuba tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, Havana–Boku–Toshkent shaklida videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan muzokaralarda O‘zbekiston tomonidan sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov ishtirok etgan.

Xabarda Kubaning Biocen kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va COVID-19'ga chalingan yoshi katta bemorlardagi respirator simptomlarni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan Biomodulin T preparati har ikkala tomonning tibbiyot mutaxassislari tomonidan yuqori baholangani aytiladi.

Shu bilan birga, muzokaralarda BioCubaFarma kompaniyalar guruhi tomonidan ishlab chiqariluvchi Alpha 2B (Heberon) interferon rekombinanti, CIGB-258 peptidlari (Jusvinza) va Alpha 2B plus gamma (Heberferon) kabi dori vositalari haqida ham atroflicha so‘z borgan.

«3 soatdan ortiqroq davom etgan videokonferensiyada Kubaning Ozarboyjondagi tibbiy brigadasi rahbari doktor Dalsi Torres Avilaning COVID-19 bemorlarini davolashdagi tajribasi o‘rganildi.

O‘zbekiston ekspertlari Kubaning taqdimotini yuqori baholab, ikki mamlakatning sog‘liqni saqlash va dori-darmon sohalaridagi hamkorligini chuqurlashtirishga qiziqish bildirishdi», – deyiladi Kuba TIV axborotida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top