20:00 / 18.09.2020
4859
Raqamli ta'limni joriy qilishga oid loyiha Toshkent shahrining maktablarida taqdim etildi

2020 yilning 16 sentabr kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan 250-sonli umumta'lim maktabida va Olmazor tumanida joylashgan 133-sonli umumta'lim maktabida raqamli ta'limni joriy qilishga oid boshlang‘ich loyiha taqdim etilib, u Xalq ta'limi vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida Huawei kompaniyasi va Uztelecom milliy operatori hamkorligida amalga oshirildi. Mazkur sinov loyihasi ushbu ikki maktabda joriy qilinish bilan bir qatorda, Muhammad Al-Horazmiy nomidagi AKT fanlariga ixtisoslashgan maxsus maktabda ham tadbiq etildi.

Mazkur boshlang‘ich loyiha Xalq ta'limi vazirligi va Huawei kompaniyasi o‘rtasida o‘tgan yili tuzilgan “Xalq ta'limi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish to‘g‘risida”gi Memorandum doirasida amalga oshirildi. Loyiha doirasida ikkita maktabda unga ajratilgan o‘quv xonalariga Wi-Fi tarmog‘i o‘rnatildi, masofaviy ta'lim va real vaqtda mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun videokonferens aloqa tizimlari yo‘lga qo‘yildi, axborot texnologiyalarini o‘rganishga xizmat qiladigan auditoriyalar planshetlar, bulutli xotira uchun zarur server uskunasi bilan jihozlandi, shuningdek, Uztelecom milliy operatori bilan hamkorlikda axborot uzatish tarmog‘iga oid infratuzilma yaratildi. Har bir maktabda beshtadan o‘quv xonasi to‘liq ta'mirdan chiqarildi.

“Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlagani ham bejizga emas. Zero, muhtaram yurtboshimiz 2020 yilning nomida raqamli iqtisod atamasi borligi va bu borada keng ommaga, maktab bolalariga tushunchalar berish uchun pedagoglarga tinmay murojaat qilmoqdalar. Xalq ta'limi sohasida ham raqamli tizimni rivojlantirishda bir qancha ishlar amalga oshirib kelinmoqda”, deb ta'kidladi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirining o‘rinbosari Rustam Karimjonov.

“O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Huawei bosh qarorgohiga qilgan tashrifi davomida davlat rahbari axborot texnologiyalari yo‘nalishida kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikning zarurligini alohida ta'kidlab o‘tdi, binobarin, bu omil mamlakatdagi raqamli iqtisodiyotni rivojlantiraishda poydevor hisoblanadi. O‘quv jarayonida yuqori texnologiyalardan foydalanish mamlakat kadrlar zaxirasini tayyorlashda muhim rol o‘ynaydi. Mazkur muassasalarda yo‘lga qo‘yilgan boshlang‘ich loyihalar O‘zbekistondagi boshqa maktablarni ham kelgusida raqamlashtirish uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlarni o‘zida aks ettiradi. Biz ushbu yo‘nalishda hamkorlikni davom ettirishdan faqat mamnun bo‘lamiz”, - dedi Davron Azizov, Huawei kompaniyasining korporativ aloqalar departamenti rahbari.

So‘nggi oylar mobaynida pandemiya sharoitida raqamli texnologiyalardan foydalanishning ahamiyati har qachongidan-da ortdi. Ta'lim va tibbiyot singari ijtimoiy sohalarning raqamlashtirilishi, birincha galda, aholiga xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishda o‘zining ijobiy jihatlarini namoyon qilmoqda. Texnologiyalar pedagogika va tibbiyot xodimlarining yelkasiga tushadigan yukni yengillashtirish, shu bilan birga, axborot almashish jarayonining sifatini oshirish va uni tezlashtirishga xizmat qilishi lozimdir. Ayni shu sabab tufayli maktab partasidanoq yosh avlodda raqamli ko‘nikmalarni hosil qilish va uni yuqori texnologiyalar olamiga uyg‘unlashtirish juda muhimdir.

Reklama huquqi asosida

Top