19:51 / 18.09.2020
7416
Suv quvurlaridagi yo‘qotishlar darajasi 50 foizgacha yetmoqda. Prezident hududlarni ichimlik suvi bilan ta'minlash ishlarini tanqid qildi

Kommunal sohadagi loyihalar va tariflar mahalliy kengashlar bilan kelishiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 sentabr kuni ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

«Kommunal tarmoqlarning barqaror faoliyati aholi turmush sifatini ta'minlaydigan eng muhim omillardan. Shu bois davlatimiz tomonidan bu masalaga doimiy e'tibor qaratib kelinmoqda. Joriy yil 17 iyul kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sohadagi muammolar muhokama qilinib, ishni yangicha tartibda tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi.

Shunga muvofiq, ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimidagi loyihalarni tayyorlash, amalga oshirish va monitoring qilish, shuningdek, tariflarni belgilashni mahalliy kengashlar bilan kelishish tartibi joriy qilinmoqda.

Misol uchun, Olmaliqdagi ichimlik suvi ta'minoti korxonasiga qarashli 52ta nasos yangilanishi natijasida korxonaning umumiy xarajati 22 foizga, elektr energiyasi sarfi 2 baravarga qisqargan. Shahar aholisi sifatli ichimlik suvi bilan uzluksiz ta'minlanmoqda. Xuddi shuningdek, so‘nggi 3 yilda amalga oshirilgan loyihalar natijasida Guliston shahrining ichimlik suvi ta'minoti masalasi ham to‘la hal bo‘ldi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga ushbu tajriba asosida kelgusi yil uchun mo‘ljallangan 28ta yangi loyihani mahalliy kengashlar bilan kelishish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, joriy yilda yakuniga yetkaziladigan 360ta loyihani qabul qilib olish bo‘yicha topshiriq berildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, qariyb 2 mingta aholi punktiga markazlashgan suv yetkazib berish texnik jihatdan ham, iqtisodiy jihatdan ham maqsadga muvofiq emas. Shu bois bunday hududlarni xususiy sektor orqali suv bilan ta'minlash ma'qul kelmoqda.

Misol uchun, O‘zbekiston tumanida ijtimoiy sheriklik asosida quduq ishga tushirilib, 6ta uzoq qishloqdagi 11 ming aholi ichimlik suvi bilan ta'minlangan edi. Bunga ketgan xarajatlar 2 yilda o‘zini qopladi. Shuningdek, Amudaryo tumanida 8ta suv tozalash shoxobchasi qurilib, 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan 7ta mahalla toza ichimlik suvi bilan ta'minlangan. Loyiha 3 yilda o‘zini oqlaydi.

Bu tizimning qulayligi shundaki, ichimlik suvi obektlari qurish va uskunalar xarid qilish uchun xususiy sektorga kredit berilib, uning 14 foizidan yuqori qismiga davlat tomonidan subsidiya ajratiladi. Bugungi kunda ko‘plab tadbirkorlar shunday loyihalarda ishtirok etish istagini bildirmoqda.

Yig‘ilishda mamlakat bo‘ylab 27ta tumanda ichimlik suvi bilan ta'minlash ishlari tanqid qilindi. Mavjud 70 ming kilometr suv quvurlarining 32 foizi eskirgan. Oqibatda ulardagi yo‘qotishlar darajasi 40-50 foizni tashkil etmoqda. Bu yiliga qariyb 500 million kub metr suv yoki o‘rtacha 300 milliard so‘m degani. Bundan tashqari, joylardagi nasos uskunalari va maxsus texnikalar ham ta'mirtalab bo‘lib qolgan.

Shu bois kelgusi yildan investitsiya dasturlarida sohaga ajratilayotgan mablag‘ning 10 foizini suv obektlariga energiya tejovchi uskunalar o‘rnatish hamda maxsus texnikalar xarid qilish uchun yo‘naltirish zarurligi ta'kidlandi.

Top