10:13 / 19.09.2020
31594
Aleksey Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi
Foto: Aleksey Navalniyning instagram sahifasi

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning kiyimlari va shaxsiy buyumlarida zahar izlari topilmagan. Uni zaharlashgani aytilayotgan modda faqat Tomskdagi mehmonxonadan topilgan shishada aniqlangan. Bu haqda siyosatchining matbuot kotibi Kira Yarmish ma'lum qildi.

Yarmishning «Dojd» telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, Navalniyning tarafdorlari mehmonxonada u foydalangan deyarli barcha narsalarni yig‘ib olib, siyosatchi o‘zini yomon his qilgach, buyumlarni tekshiruv uchun yuborishgan. Topilgan buyumlarning bir qismi Navalniyni Germaniyaga olib ketgan samolyotda yetkazilgan.

Navalniyni zaharlashda foydalanilgani aytilayotgan shishani esa muxolifatchining do‘sti Mariya Pevchix olib borgan. Kira Yarmish shisha borasidagi fakt nega tezda aniqlanmaganini tushuntirar ekan ko‘pchilik bu borada Navalniyning o‘zi bilan maslahatlashish uchun u komadan chiqishini kutganini aytdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Germaniyaga olib ketilgan va zaharlanish ishida hal qiluvchi bo‘lishi kutilayotgan shisha haqida shunday dedi: «Mutaxassislarning aytishicha, agar shishada asab tizimiga ta'sir qiluvchi modda bo‘lsa, kimdir uni qayergadir olib ketolmagan, bunga shunchaki ulgurmagan bo‘lardi».

Ma'lumot uchun, 20 avgust kuni Tomskdan Moskvaga qaytayotgan Navalniy samolyotda o‘zini yomon his qilgan va uchoq Omsk shahriga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan. O‘sha kuni komaga tushgan siyosatchi 7 sentabr kuni Germaniyadagi «Sharite» klinikasida komadan chiqdi. U 22 avgustdan buyon Germaniyada davolanmoqda.

Top