17:38 / 19.09.2020
5548

AQSh Oliy sudining eng yoshi katta vakili vafot etdi. Uning sharafiga Oq uydagi mamlakat bayrog‘i tushirildi

AQSh Oliy sudining joriy tarkibidagi eng yoshi katta vakili Rut Beyder Ginzburg 87 yoshida olamdan o‘tdi. Taniqli sudya uzoq yillardan buyon saraton kasalligi bilan kurashib kelgan. Ginzburg AQSh Oliy sudi tarkibida bo‘lgan mamlakat tarixidagi ikkinchi ayol edi.

Rut Beyder Ginzburg/ Foto: AP

Ma'lum bo‘lishicha, Ginzburg o‘z oilasi bag‘rida, Vashingtondagi uyida jon bergan. Uchrashuvlardan birida bu haqda eshitgan AQSh prezidenti Donald Tramp marhum sudyani ajoyib inson deb atadi va keyinroq tvitterdagi sahifasida u haqda iliq fikrlar bildirdi. Xususan, Ginzburg xonimni «huquq tizimining titani» deb atadi.

Ginzburg xonim vafotidan so‘ng Donald Trampning buyrug‘i bilan Oq uydagi mamlakat bayrog‘i dafn marosimiga qadar tushirildi. AQShda Oliy sud sudyalari ma'lum bosqichga yetgach, butun umrga saylanadi. Endi sudya Ginzburgdan bo‘sh qolgan o‘ringa prezident Donald Tramp nomzod ko‘rsatishi mumkin. Nomzodni Kongress tasdiqlashi kerak bo‘ladi.

1993 yildan buyon AQSh Oliy sudi hay'atida ishlab kelgan Rut Beyder Ginzburg mamlakatning huquq tizimida katta obro‘ga ega shaxs hisoblanardi. U ayollar huquqlarining himoyachisi sifatida tanilgan. Uzoq vaqt Kolumbiya universitetida huquq fanidan dars bergan Rut Beyder Ginzburg ayollar abort qilishga haqliligini aytgani bilan ham tanilgan.

Ginzburg mamlakat prezidenti Donald Trampning siyosatini qo‘llamagan va AQShda prezident almashmagunga qadar o‘z lavozimidan ketmasligini aytgandi.

Top