11:21 / 19.09.2020
8751
Parkentda tom ustidagi janjal og‘ir shikast yetkazish bilan yakunlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

2020 yil 10 sentabr kuni soat taxminan 07:30da Toshkent viloyati Parkent tumani Changi qishlog‘ida 63 yoshli M.Yu. Parkent tumanida yashovchi tanishi, 61 yoshli Sh.E.ning yashash uyida tom yopish ishlarini olib borayotgan bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u tom lo‘mboz ustida turgan vaqtida o‘ziga tanish bo‘lgan 67 yoshli X.X.ni uchratib qolib, M.Yu. X.X.dan uyida ishlagan pullarini so‘raganligi sababli o‘zaro janjal kelib chiqishi natijasida X.X. lo‘mboz ustida turgan yog‘och bo‘lagi (g‘o‘la)ni M.Yu.ga otib yuborishi oqibatida M.Yu.ning bosh qismiga tegib tan jarohati yetkazgan.

Natijada, M.Yu. olgan tan jarohati bilan Parkent tumani tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. 

Tibbiyot birlashmasining birlamchi tibbiy ma'lumotnomasiga ko‘ra, M.Yu.ning “Bosh miya  yopiq jarohati. Bosh miya ezilishi, og‘ir darajasi. Bosh miya o‘ng yarim shariga qon quyilishi. Bosh miya komasi II-darajasi”, kabi tan jarohati olganligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Mazkur holat yuzasidan Parkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan X.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top